TELEGRAMDAGI HUQUQBUZARLIKUCHUN JAZOLANDI

Hozir zamonaviy axborot texnologiyalari keng ommalashgan payt. Aholi orasida mobil telefonlarga ega fuqarolar, yoshlar ko‘p. Ular qo‘lidagi shaxsiy telefon qurilmasidagi turli yozuvlarni o‘qiydi, o‘yinlar va rasmlarni ko‘radi. Shu mobil qurilmasidagi axborotlarning orasida yod g‘oyalarni tarqatuvcni, diniy ekstremizm tushunchalarni o‘rgatuvchi matnlar va rasmlar uchrayotganligi uchun har bir inson hushyor bo‘lishi zarur. Aks holda aldovlarga ishonganligi tufayli qonun himoyachilari oldida javob berib, jazolanadi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qumqo‘rg‘on tuman sudi o‘z binosidagi ochiq sud majlisida ana shunday holat bo‘yicha ma`muriy huquqbuzarlikka oid ishni ko‘rib chiqdi. 1991 yil 13 yanvarda Qumqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan, Hurriyat mahallasida yashovchi B. X. (ismi, familiyasi o‘zgartirildi) o‘zining “HUAWEI” rusumli qo‘l telefoni apparatidagi “Youtube” videoxostingi va ”Telegram” messenjeri ijtimoiy tarmoqlarida milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovatni targ‘ib qiluvchi materiallarni saqlab, “layk” bosib tarmoq foydalanuvchilari o‘rtasida tarqatib kelgan. 2023 yil 27 mart kuni Qumqo‘rg‘on tumani IIB va DXX Qumqo‘rg‘on tuman bo‘limi xodimlari tomondan tekshiruv o‘tkazilib fuqaroning qora qilmishlari aniqlandi. Sudda huquqbuzarning sodir etgan huquqbuzarlik harakati ish hujjatlarida mavjud bo‘lgan bildirgi, ashyoni olish va ko‘zdan kechirish haqidagi bayonnoma, sudga oid adabiyotshunoslik ekspertiza xulosasi, tushuntirish xatlari va boshqa hujjatlar bilan o‘z isbotini topdi.

Sud qaroriga ko‘ra, fuqaro B. X. (ismi, familiyasi o‘zgartirildi) huquqbuzarlik sodir etgan deb topilib, unga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari, ya`ni 1500000 so‘m jarima jazosi tayinlandi.

                                                                                                       SH. ABDIALIMOV,

      Qumqo‘rg‘on tumani IIB TQX TQKG tezkor vakili, kapitan