HUNARMANDLAR TAQDIRLANDI

Tumanimizda milliy hunarmandchilikni rivojlantirish, yoshlarni mehnat bilan band qilish, manfaatdorligini oshirib, kambag‘allikni qisqartirishga erishilayapti. Hunarmandlarning xalqaro tanlovlarda qatnashib, o‘zaro tajriba almashayotganligi, hunarmandchilik an`analarini saqlash va rivojlantirishda quvonarli natijalarga erishayotganligi buning yorqin namunasi. Tuman  “Hunarmand” uyushmasi tomonidan 5 nafar hunarmand Farg‘ona viloyatidagi Qo‘qon shahrida II Xalqaro hunarmandchilik festivali va Xalqaro kulolchilik forumida qatnashib keldi. Bu xalqaro festivalda 70 dan ziyod mamlakatdan 260 nafardan ko‘p mohir hunarmandlar ishtirok etdi. Ular o‘z yurtlari va xalqlarining hunarmandchilik namunalarini namoyish qildi. Ular qatorida qatnashgan tumanimiz hunarmandlarining xalq amaliy san`ati namunalari ko‘rgazmasi tashkilotchilarning e`tiborini jalb etdi.

II Xalqaro hunarmandchilik festivalining tantanali yopilish tadbirida g‘oliblar va sovrindorlarga pul mukofotlari, diplomlar topshirildi. Tumanimiz vakili Nilufar Gulboyeva milliy taqinchoqlar va kashtachilik yo‘nalishida qatnashib, “Eng yosh hunarmand” nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi. Tashkilotchilar bu hunarmandni sertifikat, 500 dollar pul mukofoti, Rishton kulolchilik namunasi bilan taqdirladi.  U Toshkentdagi “Mashhura” o‘quv markazida tahsil olib, 2016 yildan buyon bu hunarni rivojlantirayapti. Halqaro tanlovda ko‘p sonli kashtali sumkalar, zebigordonlar, tillaqoshlar, kashta tushirilgan futbolkalarini navoyish qilib yutuqqa erishdi. Tumanimiz sharafini ulug‘lagan hunarmandlar Yulduz Begimqulova milliy liboslar va kashtachilik, Dilfuza Shaymardonova ishlab chiqarish, Otabek Saidov temirchilik, Sayyora Xabibullayeva gilamchilik yo‘nalishlarida ishtirokchi sertefikati va esdalik sovg‘alarini olib keldi.

      N. MUHAMMADIYEV