Prezident tomonidan imzolangan qonun (O‘RQ–867-son, 07.09.2023 y.) bilan “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi Qonunga qo‘shimcha va o‘zgartish kiritildi.
Unga ko‘ra, aholi tomonidan ayrim turdagi yovvoyi hayvonlarning yarim erkin sharoitlarda, sun’iy yashash muhitida yoki tutqunlikda saqlanishi taqiqlanadi. Mazkur hayvonlarning ro‘yxati hamda ularni yuridik shaxslar (tashkilotlar) tomonidan saqlash tartibi Hukumat tomonidan belgilanadi.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan kuchga kiradi.
Samad Choriyev,
Qumqo‘rg‘on tuman adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuristkonsulti
Kripto-aktivlar aylanmasi sohasida litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillari takomillashtiriladi
Prezident tomonidan imzolangan qonun (O‘RQ–866, 06.09.2023 y.) bilan ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.
“Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya olayotgan yuridik shaxslar davlat bojini Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan belgilanadigan miqdorda va tartibda to‘laydi.
Shuningdek, “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, faoliyatni amalga oshirish uchun ruxsatnoma Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan beriladi.
Sayfiddin Mengliqulov,
Qumqo‘rg‘on tuman adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi boshlig‘i
Jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan
shaxslarni ishga olganlarga subsidiya beriladi
“Aholining ijtimoiy ehtiyojmand ayrim toifalarini qo‘llab-quvvatlash va ularning bandligiga ko‘maklashish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Hukumat qarori (450-son, 05.09.2023 y.) qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2023 yil 1 oktyabrdan jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslarni ishga qabul qilgan ish beruvchilarga har bir shaxs uchun 3 oydan ortiq muddatda mehnat faoliyatini davom ettirgandan so‘ng BHMning 3 baravari (990 ming so‘m) miqdorida bir martalik subsidiya ajratiladi. Byudjet tashkilotlari, davlat korxonalari, ustav (fondi) kapitalida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar bundan mustasno.
2025 yil 1 yanvargacha tadbirkorlarga jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslarning nazoratda bo‘lgan (probatsiya) davrida mehnatga haq to‘lash tarzidagi daromadlari bo‘yicha to‘langan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini qaytarib berish tizimi joriy etiladi. Shuningdek, 2023 yil 1 oktyabrdan quyidagilar yo‘lga qo‘yiladi:
“Ishga marhamat” monomarkazlari va kasb-hunarga o‘qitish markazlarida jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslarga kasb-hunar va tadbirkorlik ko‘nikmalarini o‘rgatish;
Jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslarni tashkilotlardagi mavjud bo‘sh (vakant) hamda zaxiraga qo‘yiladigan ish o‘rinlariga ishga joylashtirish tizimi.
Qaror bilan Jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslarni ishga qabul qilgan ish beruvchilarga Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan subsidiya berish tartibi to‘g‘risidagi nizom qabul qilindi.
Unga ko‘ra, ish beruvchilar jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxsni ishga qabul qilgandan so‘ng 3 oydan ortiq muddatda mehnat faoliyatini davom ettirgandan keyin subsidiya olish uchun tuman (shahar) kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limlariga yozma ravishda yoki YaIDXP (my.gov.uz) orqali murojaat qiladi.
Olim Xursandov,
Qumqo‘rg‘on tuman adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuristkonsulti
Jismoniy shaxslar tomonidan naqd valyutani
bojxonadan deklaratsiyasiz olib o‘tish miqdori
oshirildi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori (443–son, 04.09.2023 y.) bilan Hukumatning ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Qarorga ko‘ra Jismoniy shaxslar tomonidan olib kirilayotgan va olib chiqib ketilayotgan 100 million so‘m ekvivalentidan ortiq miqdordagi O‘zbekiston Respublikasining naqd valyutasi va (yoki) naqd chet el valyutasi yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini to‘ldirish va bojxona organi xodimiga taqdim etish yo‘li bilan bojxona nazoratidan o‘tkaziladi. Ilgari 70 million so‘m edi. Jismoniy shaxslar deklaratsiya to‘ldirish talab etiladigan belgilangan ekvivalentdan ortiq miqdordagi naqd valyuta mablag‘larini bojxona nazorati shakllari qo‘llanilmasdan oldin deklaratsiyalamagan holda bojxona organlari xodimlariga maslahat olish maqsadida taqdim etganda, bojxona organlari xodimlari tomonidan jismoniy shaxslarga deklaratsiya to‘ldirish qoidalari bilan bog‘liq umumiy tushuntirishlar beriladi. Ilgari bu qoida mavjud emas edi.
Jo‘rabek Imomov,
Qumqo‘rg‘on tuman adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuristkonsulti
“Gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi
to‘g‘risida”gi qonun (O‘RQ-865, 30.08.2023 y.)
qabul qilindi
Qonunga ko‘ra, Gidrotexnika inshootlarining loyiha ko‘rsatkichlari parametrlariga, ularga yuklamalar hamda ta’sir ko‘rsatish omillariga, shuningdek qurilishda ishlatiladigan materiallarga, foydalanish sharoitlariga qarab gidrotexnika inshootlari I, II, III va IV sinflarga bo‘linadi.
Suv xo‘jaligi obyektlari xavfsizligini va suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi etib belgilandi.
Gidrotexnika inshootlarida favqulodda vaziyatlarning yuzaga kelishi xavfini eng ko‘p darajada kamaytirish bo‘yicha profilaktika tadbirlarini amalga oshirish ularning xavfsizligini ta’minlashga nisbatan qo‘yilgan asosiy talablardan biri hisoblanadi.
Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun moliyaviy va moddiy resurslar zaxiralari ulardan shoshilinch tarzda foydalanish maqsadida foydalanuvchi tashkilotlar tomonidan oldindan yaratiladi. Gidrotexnika inshootlaridan foydalanish davrida favqulodda vaziyat yuzaga kelishi natijasida boshqa shaxslarning hayotiga, sog‘lig‘iga va (yoki) mol-mulkiga, shuningdek atrof-muhitga zarar yetkazilganligi uchun foydalanuvchi tashkilotlarning fuqarolik javobgarligini sug‘urta qilish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Faxriddin Mamatov,
Qumqo‘rg‘on tuman adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuristkonsulti