Konstitutsiya (lotincha: constitutio – „tuzilish“, „tuzuk“) – davlatning asosiy qonuni. U davlat tuzilishini, hokimiyat va boshqaruv organlari tizimini, ularning vakolati hamda shakllantirilish tartibi, saylov tizimi, fuqarolarning huquq va erkinliklari, shuningdek, sud tizimini belgilab beradi. Konstitutsiya barcha joriy qonunlarning asosi hisoblanadi.
Konstitutsiya davlatchilik belgisidir. Bir-biridan farqlanuvchi yuridik va haqiqiy (faktik) konstitutsiya tushunchalari bor. Yuridik konstitutsiya ijtimoiy munosabatlar doirasini tartibga soluvchi ma‘lum huquqiy normalar tizimi. Haqiqiy konstitutsiya esa – shunday munosabatlarning o‘zi, ya`ni real mavjud munosabatlardir. Konstitutsiya o‘z shakliga ko‘ra, kodekslashtirilgan, kodekslashtirilmagan va aralash turlarga bo‘linadi. Kodekslashtirilgan konstitutsiya — konstitutsiyaviy xususiyatga ega barcha asosiy masalalarni tartibga soluvchi bir butun yozma hujjat hisoblanadi. Аgar ayni o‘sha masalalar bir necha yozilgan hujjatlar bilan tartibga solinsa, u holda konstitutsiya kodekslashtirilmagan hisoblanadi. Аralash turdagi konstitutsiya parlament tomonidan qabul qilingan qonunlar va sud pretsedentlari bilan birga, odatlar va nazariy sharxlarni ham o‘z ichiga oladi, ya`ni qisman yozilgan bo‘ladi. O‘zgartirish kiritish usuli bo‘yicha konstitutsiya yumshoq va qattiq turlarga bo‘linadi. Ularning birinchisi oddiy qonun qabul qilish yo‘li bilan o‘zgartirilishi mumkin. Ikkinchisi maxsus takomillashtirilgan tartibda (parlament a‘zolari ovozining malakali ko‘pchiligi, ba`zan esa referendum o‘tkazish, tuzatishlarni muayyan miqdordagi federatsiya subyektlari tomonidan ratifikatsiyalash va shahrik.) o‘zgartirilishi mumkin. Аmal qilish muddatlari bo‘yicha konstitutsiyalar doimiy va muvaqqat turlarga bo‘linadi.
Davlat faoliyatining turli sohalarida konstitutsiyaga rioya qilinishini nazorat etish Oliy sud yoki Konstitutsiyaviy sud zimmasiga yuklanadi. „Konstitutsiya“ atamasi Qadimgi Rimdayoq bor edi (imperator konstitutsiyasi deb atalgan qonun). Аmir Temurning „Temur tuzuklari“ Sharq va Osiyo mamlakatlari sivilizatsiyasiga xos alohida shakldagi konstitutsiyaviy hujjat xususiyatiga ega bo‘lgan. U shariat qonunlari bilan bir qatorda O‘rta Osiyo xalqlari taqdiriga kuchli ta`sir o‘tkazgan. Yevropadagi tarixiy taraqqiyot hozirgi kunda amalda bo‘lgan konstitutsiyalarning 2 guruhini vujudga keltirdi. 1-guruh — hozirgi zamon sharoitlaridan keskin farq qiluvchi sharoitlarda qabul qilingan eski konstitutsiyalar. 2-guruhga XX asrning 2-yarmida qabul qilingan „yangi avlod“ konstitutsiyalari kiradi. Ular dastlabki konstitutsiyalardan huquq va erkinliklar institutining, konstitutsiyaning himoya qilish mexanizmlari va ijtimoiy muammolarga murojaat qilish mexanizmlarining kengayishi natijasida konstitutsiyaviy tartibga solish hajmining ko‘payishi bilan farq qiladi.
Xalqaro konstitutsiyaviy tajribalarni o‘rganish, xalqaro hujjat qoidalarini inobatga olish, milliy davlatchilik an‘analardan kelib chiqish natijasida yaratilgan O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi (1992-yil 8-dekabrda qabul qilingan) jahon andozalariga mos bo‘lib, xalqaro talablarga javob beradi.
S. QUDRATOV,
Sho‘rchi tuman adliya bo‘limi davlat xizmatlari markazi direktori