Kitob-insonning eng yaqin do‘sti va maslahatchisi, aql qayrog‘i va bilim manbaidir. Kitob fikrlash quroli, xazinalar kaliti, tafakkur manbai bo‘lgani uchun ham xalqimiz uni nonday aziz, mo‘tabar va muqaddas deb hisoblagan. Shuning uchun kitobga muhabbat, uni qadrlash, o‘qishga ishtiyoq xalqimizning qon-qoniga singib ketgan.
Qumqo‘rg‘on tuman axborot-kutubxona markazida tumanimiz aholisiga axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatish ishlari bilan bir qatorda, barcha tashkilot va muassasalar kutubxonalari uchun uslubiy hamda amaliy yordam ko‘rsatib kelinmoqda. Jumladan, foydalanuvchilarga zamonaviy axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatish turlari, turli dolzarb mavzularda ommaviy tadbirlar tashkil etish hamda kitobxonlikni keng targ‘ib qilish yuzasidan uslubiy yordam ko‘rsatib borilmoqda.
Qumqo‘rg‘on tuman axborot-kutubxona markazi “Abonementlar va foydalanuvchilarga xizmat ko‘rsatish xizmati” xizmat rahbari G. Rahmonqulova tuman ichki ishlar bo‘limida yangidan tashkil etilgan kutubxona faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Ushbu kutubxonada 300 dan ortiq badiiy va sohalarga oid kitoblar mavjud bo‘lib, soha xodimlari o‘zlarining bo‘sh vaqtlarini kutubxonada mazmunli o‘tkazishmoqda.
G. Rahmonqulova kutubxonada kitobxonlarga hozirgi kunda kitob mutolaasining inson hayotidagi o‘rni hamda ma`naviy dunyoqarashini yanada kengaytirishdagi ahamiyati haqida keng to‘xtalib, kitob mutolaa qilish, asarlarning mazmun-mohiyati zamiriga yetish insonni komillikka, zukkolikka va teran fikr sohibiga aylantirishi to‘g‘risida aytib o‘tdi.
Mustaqillik yillarida Yurtimizda kitobxonlikka berilayotgan keng e`tibor va g‘amxo‘rlik o‘z ijobiy natijasini berib kelmoqda.
S.Kuchkeldiyeva,
Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va raqamlashtirish xizmati xizmat rahbari