Matbuot nashri hisoblanuvchi gazeta ommaviy axborot vositalarining bosma shaklda chop etilayotgan turi sifatida faoliyat yuritmoqda. Bunda gazeta ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy-ishlab chiqarish, ilmiy-texnikaviy kabi ko‘p mavzularni yoritayapti. Insonlar dunyoqarashiga shaffof holda ta`sir etib, ularga muhim g‘oyalarni yetkazmoqda. Matbuot insonlar hayotiga chuqur singib, ularni mamlakatimiz, viloyatimiz, tumanimizda amalga oshirilayotgan ishlar va dunyoda ro‘y berayotgan voqealar, yangiliklar haqidagi axborotlar bilan ta`minlovchi qudratli jabhaligi bilan obro‘ topdi.
Matbuot nashrida iste`dodli yoshlar kamolga yetib, mahoratli jurnalist bo‘lib yetishmoqda. Qumqo‘rg‘on tumanida 1978 yilda ijtimoiy-siyosiy gazeta tashkil etildi. Tumanning bosh nashri hisoblanuvchi “Qumqo‘rg‘on sadosi” gazetasi 45 yillik ijodiy yo‘lni bosib o‘tdi. Gazeta tumandagi iste`dod egalarining kamol topishiga hissa qo‘shuvchi qutlug‘ dargoh sifatida hurmat qozondi. Qanchadan-qancha jurnalistlar tumanning ijtimoiy hayoti, ishlab chiqarish yutuqlari, xizmat ko‘rsatish turlari fidoiylari, salomatlik jonkuyarlari, ta`lim-tarbiya sohasi faollari, mudofaa qudrati posbonlari faoliyati haqida va boshqa ko‘p mavzulardagi xabarlari va maqolalari, reportajlari va lavhalari bilan elimizga tanildi. Tuman gazetasida uzoq yillar mehnat qilgan Muhammadjon Bo‘tayev, Ne`matullo Qurbonov, Salim Mardonaqulov, Nortoji Ziyoyev, Eshquvvat Shaydullayev, Chori Mamanazarov, O‘rol Abrayev, Xurramxon Salomov, Ikrom Azizov, Qulmurod Oltiboyev va boshqa ko‘p ijodkorlar samarali ijodi uchun nafaqat tumanimizda, hatto viloyatimiz, qolaversa respublikamiz miqyosida yaxshi tanildi.
Tuman gazetasi har doim yosh iste`dodlarning qobiliyatlari rivojlanadigan ijodiy tashkilot sifatida insonlar qalbilarga iliq va samimiy tuyg‘ularni singdirdi. Yosh ijodkorlarning viloyat va respublika ommaviy axborot vositalarida yaxshi tanilishida uztoslik vazifalarini ochiqko‘ngillik bilan bajardi. Davlatimiz poytaxti Toshkent shahrida nashr etilayotgan “Ma`naviy hayot” jurnali bosh muharriri, shoir, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a`zosi, davlat mukofoti sovrindori Eshqobil Shukurov, Respublika Ma`naviyat va ma`rifat markazi xodimi, shoir, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a`zosi, Dostlik ordeni sohibi Abdumajid Azimov tuman gazetasida tanilib, katta ijod maydoniga chiqqan. Taniqli olim va shoir Bobomurod Eraliyev tuman gazetasi qoshidagi “Ilhom”adabiy-ijodiy klubining dastlabki tinglovchisi bo‘lgan. U hozir Pespublikamiz markazida ilmiy va badiiy ijod qilmoqda. Yaqin yillarda tuman gazetasida o‘z ijodi bilan tanilgan yosh iste`dod egasi Shodmonqul Salomov Respublika miqyosida obro‘ topdi. U “O‘zbekiston adabiyoti va san`ati” va “Ma`rifat” gazetalarida ijodi bilan muxlislar qalbidan joy oldi. Uning yana bir quvonchli yutug‘i O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston Xalq shoiri Abdulla Oripov haqidagi filmda bosh rolni ijro etdi. Buyuk shoirning ko‘p yillik shogirdi filmda taniqli ijodkor Abdulla Oripov siymosini qayta gavdalantirgan aktyor sifatida hurmatga sazovor bo‘ldi. “Ilhom” klubining yana bir a`zosi Dilfuza Qo‘ziyeva ham jurnalist va yozuvchi sifatida respublikamiz miqyosida yaxshi tanildi.
Gazetamizning jonkuyar ijodkorlari orasidan davlat mukofotlarining sovrindorlari yetishib chiqqanligi quvonarli. Jurnalistlar Nortoji Ziyoyev, Mengnor Ollamurodov, Rayhon Mengziyayeva “Shuhrat” medali bilan taqdirlanganligini ijodkorlarimiz mehnatiga bo‘lgan yuksak e`tibor va e`tirofning namunasi deb bilamiz.
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist Olimjon Usanov, o‘tkir qalam sohibi, respublikamizda taniqli Yusuf Nortojiyev, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a`zosi, yozuvchi Ollanazar Ulug‘ov (marhum) tuman gazetasi tahririyati uchun qadrdon bo‘lgan ijodkorlar sifatida yuraklardan joy olgan.
Hozirgi kunda matbuot nashrida chinakam fidoiy insonlar mehnat qilmoqda. Tumanimiz ijtimoiy hayotida kechayotgan katta o‘zgarishlarni aholiga yetkazish uchun gazeta ishida bilimdonligi, ijodkorligi, iste`dodini namoyon qilayapti. Gazetaning chiroyli bezatilishi, mazmunli xabarlar va maqolalarning nashr etilishi, fotolavhalarning hayotni aniq va tiniq yoritishda mas`uliyat bilan ishlayapti. Ularning o‘zaro hamjihatligi ommaga axborot yetkazishning texnogen usuli doimiyligini ta`minlayapti. Hozir bu tahririyatda Rayhon Mengziyayeva bosh muharrirligida muxbir Nurmuhammad Muhammadiyev, sahifalovchi To‘ra Nazarov, hisobchi Bekbo‘ta Choriyev va yosh iste`dod, fotolavhalarni tasvirga tushuruvchi qiz Nodira Daminova mehnat qilmoqda. Ular gazetaning rang-barang, mazmunli va sifatli nashr etilishi uchun bor iste`dodini sarflab, aholini muntazam ravishda axborotlardan xabardor qilmoqda.
Albatta, bu ulug‘ va qutlug‘ ijodiy tashkilot faoliyati haqida ko‘p yozish mumkin. Ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchilar, yosh havaskor shoirlar, ijodga mayldor kasb sohiblarining ijodiy ishlari gazeta sahifalarida nashr etilayapti. Ularning ismi, familiyasi ijodiy matnlari bilan birgalikda gazetxonlar e`tiboriga havola qilinmoqda. XXI asr axborotlashirish va kompyuterlashtirish asri. Shuning uchun matbuot nashri ham zamon bilan hamnafas va hamjihat faoliyat yurutib, kompyuterlashgan jihozlar vositasida aholiga axborotlarni tayyorlab tarqatayapti. Ularning obunachilar bilan o‘zaro hamjihat ishlashi odamlarning axborotlarga bo‘lgan talabini qondiradi. Shuning uchun 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni bilan barcha jurnalistlarni, hamkorlarimiz bo‘lgan ijodkorlarni, iste`dod sohiblarini, obunachilarimizni samimiy muborakbod etamiz. Aholiga axborot yetkazib berishdek qudratli va eng zarur sohadagi do‘stligimiz yanada rivojlanishini tilaymiz.
N. MUHAMMADIYEV,
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a`zosi