Barcha klasterlar, fermer xo‘jaliklari paxtachilik, g‘allachilik, bog‘dorchilik fermer xo‘jaliklari, dehqon xo‘jaliklari, mahalla fuqarolari yig‘inlari, shaxsiy tomorqa yer egalari, barcha tadbirkorlik subyektlari barcha tashkilotlar diqqatiga shuni eslatib o‘tamizki, o‘simliklar karantini to‘g‘risidagi qonunning 19-moddasida karantindagi begona o‘tlar, kasalliklar va zararkunandalarga qarshi kurashish majburiyatini bajarmaslik fitosanitar tozalikni ta’minlamaslik MJTK ning 107-108-moddalarida belgilangan ma’muriy javobgarlikka tortilishlariga sabab bo‘ladi. 2022 yil birinchi yarim yilligida 6 ta paxtachilik-g‘allachilik, 8 ta bog‘dorchilik fermer xo‘jaliklari, 7 ta shaxsiy tomorqa yer egalari ma’muriy javobgarlikka tortilib jarima to‘lashlariga to‘g‘ri keldi.
Zarpechaklar “cuscutaceae” oilasiga mansub bir yillik o‘simlik bo‘lib, dunyo bo‘yicha ularning 274 tadan ortiq turlari aniqlangan va undan 36 tasi MDH davlatlarida, 17 ta turi esa Respublikamizda ro‘yxatga olingan. Respublikamizda uchraydigan ushbu zarpechak begona o‘tidan 13 ta turi o‘simliklarga eng ko‘p zarar keltiradi. Zarpechaklarning parazit hayot kechirish tarzi ularning tuzilishida ko‘pgina o‘zgarishlarni sodir bo‘lishiga olib kelgan. Zarpechaklar vegetatsiya davri, rivojlanishi va boshqa jihatlari bilan oddiy gulli o‘simliklardan tubdan farq qiladi. Masalan, ularda barg bo‘lmaydi, fotosintez jarayoni umuman kuzatilmaydi, ildiz sistemasi, ustitsalari yo‘q, ildiz vazifasini esa o‘simlik tanasiga yopishib oluvchi gaustoriyalar bajaradi. Zarpechaklar qishloq xo‘jaligi ekinlariga juda katta zarar keltiradi. Ular barcha o‘t o‘simliklar, daraxtlar, butasimonlar, mevali va manzarali o‘simliklarni zararlaydi. Bu parazitdan asosan, beda ekinlari, zig‘ir, maxsar, lavlagi, sabzi, piyoz va boshqa ko‘pgina ekinlar jiddiy zarar ko‘radi. Bir pallali o‘simliklar, jumladan boshoqli o‘tlar va g‘alla ekinlari zarpechaklar bilan nisbatan kamroq zararlanadi. Zarpechaklar madaniy ekinlar tanasiga gaustoriyalari yordamida yopishib olib, organik va noorganik moddalarni so‘rib oladi, o‘simlikni nimjonlashtiradi, o‘sishdan qoldiradi, natijada o‘simlik butunlay nobud bo‘ladi. Zarpechaklarning tanasi va urug‘i tarkibida bir nechta zaharli alkoloid moddalar (kuskudin va kustalin) mavjud bo‘lib, ular hayvonlarda zaharlanishni keltirib chiqaradi. Shu sababli zarpechak bilan kuchli zararlangan o‘simliklardan ko‘k massa yoki silos tayyorlanganda, ular mog‘orlab, o‘z ozuqa qiymatini yo‘qotadi, ularni iste’mol qiladigan hayvonlar zaharlanishi ham mumkin.
Zarpechak bilan zararlangan o‘simliklar kasallik va zararkunandalarga chidamsiz bo‘lib qoladi. Bundan tashqari ayrim zarpechak turlari o‘simliklarning virusli kasalliklarini ham tarqatuvchi bo‘lib hisoblanadi. Ya’ni o‘simlik shirasini gaustoriyalari bilan so‘rib olishda virus ham o‘tadi va ular boshqa o‘simlikka yopishib olganda gaustoriya orqali virus ikkinchi o‘simlikka o‘tib oladi. Bularga qand lavlagi, pomidor, dukkakli ekinlar va grechixaning mozayka kasalliklari misol bo‘ladi.
Zarpechaklar zararlangan qishloq xo‘jalik mahsulotlari orqali, zararlangan urug‘ orqali, yaxshi chirimagan go‘ng bilan, ekinlarni sug‘orishda, transport vositalari, urug‘ tozalash mashinalari, yaylovdagi parranda qushlar va hayvonlar orqali tarqaladi. Bundan tashqari shamol, zararlangan maydon, qishloq xo‘jalik qurollari, temir yo‘l vagonlari va taralari orqali ham tarqaladi. Tuproqqa tushgan zarpechak urug‘lari bir necha yillargacha unuvchanligini saqlab qoladi.
Zarpechak urug‘ining qobig‘i juda qattiq bo‘lib, suvni judayam sust o‘tkazadi. Shuning uchun to‘liq pishib yetilmagan urug‘ining qobig‘i yumshoqlik vaqtida unib chiqishi tez yuz beradi. Zarpechak urug‘i spiralsimon cho‘zinchoq yo‘ldoshlardan va oqsil qatlamli massadan tashkil topgan. Yo‘ldoshlarning spiralsimon buralib o‘sib chiqishi ularga o‘simlik tanasiga yopishib olish imkoniyatini yaratib beradi. Avvaliga, zarpechak urug‘dagi oziq moddalar hisobiga rivojlanadi, bu davr 5 kundan bir necha haftagacha davom etishi mumkin. Urug‘dan o‘sib chiqqan zarpechak tez o‘sa boshlaydi, qanchalik tez o‘sishiga qarab urug‘dan keladigan ozuqa moddasi ham kamaya boshlaydi va sekin-asta zarpechak xo‘jayin o‘simlik tanasiga yopishadi, urug‘dan butunlay uziladi. Urug‘dan o‘sib chiqqan bir dona zarpechak tanasi atrofdagi bir qancha o‘simliklarni zararlaydi. Zarpechakning yon shoxlari xohlagan joyidan unib chiqishi mumkin va atrofidagi ko‘plab o‘simliklarga yopishib oladi. Iyun-iyul oylarida zarpechaklar gullaydi, issiq ob-havo sharoitida zarpechaklar yoppasiga gullaydi. 2-3 hafta o‘tgandan so‘ng urug‘i pishib yetiladi. Urug‘larning tinim davri har xil, bir necha kundan, bir necha yilgacha bo‘lishi mumkin. Zarpechak bilan zararlangan o‘t o‘simliklar o‘rib olingandan keyin, ular yosh maysalarda o‘sa boshlaydi va urug‘lanib tuproqqa minglab urug‘lari tushadi.
Zarpechaklarga karshi kurash choralari:
Zarpechaklarga qarshi agrotexnik va mexanik kurash choralari yetakchi o‘rinda turadi. O‘simlik maydonlari zararlanishiga qarab kuchli yoki kuchsiz zararlangan toifalarga ajratiladi. Kuchli zararlangan ekin, o‘simliklar chopib yoki kesib yoqib yuboriladi yoki chuqurga ko‘mib tashlanadi. O‘rtacha zararlangan ekinlarni tegishli qismlari kesib yoki chopib olinib, yoqib yuboriladi. Tadbir o‘tkazilgan maydonlar doimiy nazoratga olinib, zarpechak butunlay yo‘qolib ketguncha har 7-10 kunda nazorat qilinadi. Ekin ekiladigan dalalar yaxshilab tekislanadi, ekishdan 10-15 kun oldin boronalash ishlari amalga oshiriladi.
Ximiyaviy kurash choralari: Respublika ximiyamiy komissiyasi tomonida ro‘yxatdan o‘tkazilgan Pivat ES, Pivot ART va boshqa ximiyaviy preparatlarni qo‘llash mumkin.
Surxondaryo viloyati O‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi Qumqo‘rg‘on tumani bo‘limi inspektorlari