Sariosiyo tumanida suyultirilgan gaz yetkaziladigan 12 ta uzoq hudud bor

Surxondaryo viloyatida 475 ming 209 ta suyultirilgan gaz iste`molchisi mavjud. “Hududgaz Surxondaryo” gaz ta`minoti filiali ishlab chiqaruvchi korxonalardan iste`molchilarga suyultirilgan gazni yetkazib berish va hisobini yuritishning avtomatlashtirilgan tizimini bosqichma-bosqich joriy etayotgani iste`molchilarga uzluksiz suyultirilgan gaz yetkazib berish sifati va samardorligini ta`minlashda muhim omil bo‘lib kelmoqda. Buning uchun ID-kartalar tarqatilib, maishiy gaz ballonlarga maxsus yorliqlar o‘rnatilayotir. Bu tartib suyultirilgan gazni iste`molchi tomonidan qabul qilish va to‘lovni amalga oshirishida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlaydi. Joriy yilda vohadagi iste`molchilar individual elektron ID-karta bilan to‘liq ta`minlanib, ular foydalanayotgan maishiy gaz ballonlarga maxsus yorliq yopishtiriladi. Natijada yetkazib berilgan suyultirilgan yoqilg‘i hisobi to‘liq avtomatlashtirilgan tartibda nazorat qilinadi. Hududlarda mavjud iste`molchilar haqida real ma`lumot shakllantirilib, yetkazib berilayotgan suyultirilgan gaz hajmining aniq hisobi olib boriladi.

Bugungi kunda “Hududgaz Surxondaryo” gaz ta`minoti filiali tomonidan viloyatimizning 40 dan ortiq olis mahallalarga suyultirilgan gaz ballonlari yetkazib berib kelinmoqda. Misollarga yuzlansak, bugungi kunda 100 dan ortiq avtoulovlar orqali viloyatimizning iste`molchilariga suyultirilgan gaz yetkazib berilmoqda. “Hududgaz Surxondaryo” gaz ta`minoti filialiga qarashli 10 ta gaz tarqatish inshootlari vohamiz aholisiga xizmat qilmoqda. Ushbu gaz tarqatish inshootlari Qashqadaryoning Sho‘rtan gaz va Muborak gazni qayta ishlash zavodlaridan olib kelinishga ixtisoslashtirilgan. “Hududgaz Surxondaryo” gaz ta`minoti filiali axborot xizmati “Olis manzillar” loyihasi doirasida viloyatning eng chekka va olis qishloqlarida yashaydigan aholiga suyultirilgan gaz ballonlarining yetkazilishi, xizmatlar ko‘rsatish darajasini o‘rganmoqda.

 – O‘tgan qisqa davrda loyiha doirasida viloyatning Sariosiyo, Uzun va Boysun tumanlaridagi 30 ga yaqin tog‘li, eng olis mahallalarda bo‘lib, iste`molchilar bilan uchrashdik, – deydi “Hududgaz Surxondaryo” gaz ta`minoti filiali direktor o‘rinbosari Feruz Atamurodov.

Birgina Sariosiyo tumanida viloyatning yer maydoni katta, tog‘ va cho‘llik yerlardan iborat bo‘lgan tumanlaridan hisoblanadi. «Sariosiyotumangaz» gaz ta`minoti bo‘limi xodimlari aholiga har qanday sharoit va ob-havoda ham yoqilg‘ini bir maromda va o‘z vaqtida yetkazishga harakat qilmoqda.  Hozirda tumanda 34763  ta suyultirilgan gaz iste`molchilari mavjud. Bo‘lim tasarrufidagi 8 ta maishiy gaz ballon tashiydigan maxsus transport vositasi orqali 59 ta mahallaga suyuq gaz yetkaziladi.

 – «Uzun» gaz to‘ldirish shoxobchamiz tuman markazidan ancha uzoqda bo‘lgan Uzun tumanida joylashgan. Suyultirilgan gaz yetkaziladigan ba’zi mahallalar tuman markaziga yaqin bo‘lishi mumkin, ammo shoxobchadan ancha uzoq shunday hududlarimiz borki, ular tuman markazidan ham, shoxobcha joylashgan mahalladan ham ancha olisda. Tumanda aynan ana shunday 11 ta mahalla bor: «Karsh», «Vachaq», «Xushxabar», «Kundaijuvoz», «Malnd», “Chosh”, «Nilu»,»Hufar», «Honjuza», «Bog‘i Samarqand» ,»Sangardak», «Bog‘cha» mahallalari. Ularga ham suyultirilgan gaz 30-35 yoki uzog‘i 40 kun oralig‘ida yetkaziladi, – deydi bo‘limning suyultirilgan gaz xizmati boshlig‘i Asqar Qo‘chqorov.

Tumandagi barcha iste`molchilar ID-kartalar bilan ta`minlangan. Ya`ni, xarid avtomatlashtirilgan tizim orqali amalga oshiriladi. Iste`molchilarning kartalar orqali to‘lov qilish, maishiy gaz ballon olish bo‘yicha murojaatlari esa soha mas`ullari tomonidan ijobiy hal etilmoqda.

“Hududgaz Surxondaryo” gaz ta`minoti filiali matbuot xizmati