Oʻzbekiston RespublikasiPrezidenti saylovini tashkil qilish va o‘tkazishga oid qonunchilik hujjatlari mazmun-mohiyati

Prezidentlikka nomzodlarga nisbatan qo‘yiladigan talablar: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 7 yil muddatga saylanadi. Ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti bo‘lishi mumkin emas. 35 yoshdan kichik bo‘lmagan, davlat tilini yaxshi biladigan, bevosita saylovgacha kamida 10 yil O‘zbekiston hududida muqim yashayotgan fuqaro O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylanishi mumkin. Qasddan sodir etilgan jinoyati uchun ilgari sudlangan fuqarolar, diniy tashkilotlar va birlashmalarning professional xizmatchilari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod etib ro‘yxatga olinmaydi.

Saylovchilarning ro‘yxatlari: Saylov kuniga qadar yoki saylov kuni 18 yoshga to‘lgan, ro‘yxat tuzilayotgan paytda mazkur saylov uchastkasi hududida doimiy yoki vaqtincha istiqomat qilayotgan fuqarolarning familiyalari saylovchilar ro‘yxatiga kiritiladi. Har bir saylovchi faqat bitta saylovchilar ro‘yxatiga kiritilishi mumkin. Saylovchilar ro‘yxatiga har bir saylovchining familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan sanasi va yashash joyi, manzili kiritiladi. Saylovchilar ro‘yxatlari Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatini shakllantirish bo‘yicha axborot tizimi ma’lumotlari asosida tuziladi. Harbiy qismlardagi harbiy xizmatchilarning, shuningdek harbiy xizmatchilar oila a’zolarining va boshqa saylovchilarning ro‘yxatlari, agar ular harbiy qismlar joylashgan hududlarda yashasa, harbiy qismlarning komandirlari taqdim etadigan ma’lumotlar asosida tuziladi. Harbiy qismlardan tashqarida istiqomat qiluvchi harbiy xizmatchilar yashash joylari bo‘yicha umumiy asoslarda saylovchilar ro‘yxatiga kiritiladi. Sanatoriylarda va dam olish uylarida, kasalxonalarda va boshqa statsionar davolash muassasalarida, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida tuzilgan uchastkalar bo‘yicha saylovchilar ro‘yxatlari mazkur muassasalar rahbarlari tomonidan taqdim etiladigan ma’lumotlar asosida tuziladi.

Chet davlatlarda turgan fuqarolarni saylovchilar ro‘yxatlariga kiritish: O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan saylov uchastkalarida saylovchilarning ro‘yxatlari mazkur muassasalar boshliqlari tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar asosida tuziladi. O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan uchastka saylov komissiyalari chet davlatlarda turgan fuqarolarni saylovchilar ro‘yxati bilan tanishish usuli, joyi va vaqti to‘g‘risida xabardor qiladi. Chet davlatlarda turgan fuqarolar O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan uchastka saylov komissiyalariga ularni saylovchilar ro‘yxatiga kiritish to‘g‘risida saylovdan 15 kun oldin yozma shaklda yoki O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining rasmiy veb-sayti orqali elektron shaklda murojaat qilishi mumkin. O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan uchastka saylov komissiyalari chet davlatlarda turgan fuqarolarning ularni saylovchilar ro‘yxatiga kiritish to‘g‘risidagi murojaatida ko‘rsatilgan shaxsga doir ma’lumotlarni tekshiradi va fuqaroni saylovchilar ro‘yxatiga kiritish haqidagi masalani hal qiladi. O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan uchastka saylov komissiyalari saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan fuqarolar haqidagi ma’lumotlarni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga taqdim etadi. Tashqi ishlar vazirligi saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan fuqarolar haqidagi ma’lumotlarni Davlat personallashtirish markaziga Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatiga tegishli tuzatishlar kiritish uchun beradi.

Fuqarolarni saylovchilarning ro‘yxatlari bilan tanishtirish: Fuqarolarga uchastka saylov komissiyasi binosida saylovchilar ro‘yxati bilan tanishish, shuningdek Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-sayti orqali saylovchilar ro‘yxatidan o‘zlariga tegishli ma’lumotlar bilan tanishish imkoniyati ta’minlanadi. Chet davlatlarda turgan fuqarolarga saylovchilar ro‘yxatidagi o‘ziga tegishli ma’lumotlar bilan tanishish imkoniyati O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari rasmiy veb-saytlari orqali ham ta’minlanadi.Saylovchilarning ro‘yxatlari saylovga 15 kun qolganida, O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida, sanatoriylarda va dam olish uylarida, kasalxonalarda va boshqa statsionar davolash muassasalarida, olis va borish qiyin bo‘lgan hududlardagi fuqarolar turgan joylarda, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida tuzilgan uchastkalarda esa saylovga 3 kun qolganida hamma tanishib chiqishi uchun taqdim etiladi.Uchastka saylov komissiyasi ro‘yxat bilan tanishish joyi va vaqti to‘g‘risida xabardor etadi. Saylov komissiyalari saylovchilarning ro‘yxatlari hamma tanishib chiqishi uchun taqdim etilganidan keyin ham ularga o‘zgartishlar kiritishi mumkin. Saylovchilarning ro‘yxatlariga o‘zgartishlar kiritish saylovga 5 kun qolganida to‘xtatiladi.

Saylov byulleteni: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga doir saylov byulletenining shakli va matni Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi. Nomzodning familiyasi, ismi, otasining ismi saylov byulleteniga uning tug‘ilgan yili va uni nomzod etib ko‘rsatgan siyosiy partiya ko‘rsatilgan holda alifbo tartibida kiritiladi.Saylov byulletenida uni to‘ldirish tartibi to‘g‘risidagi tushuntirish bo‘lishi kerak. Saylov byulletenlari davlat tilida, shuningdek okrug saylov komissiyasining qaroriga binoan tegishli okrug aholisining ko‘pchiligi so‘zlashadigan tillarda nashr etiladi.Saylov byulletenlarini Brayl alifbosi asosida to‘ldirish uchun trafaretlar tayyorlanishi mumkin.

Manba: O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksi.

D. XUDOYQULOVA,

Adliya bo‘limi bosh maslahatchisi