O‘quvchilarda badiiy ijod qilish qobiliytati maktabda ta`lim-tarbiya o‘rganayotgan paytidan boshlanadi. Shuning uchun o‘qituvchilar o‘quvchilarning adabiy qobiliyatini rivojlantirish maqsadida qo‘shimcha tadbirlar o‘tkazadi. Bebaho maslahatlarini aytib ularning munosib kamolga yetishiga hissa qo‘shadi.
Tumanimizdagi 86-maktabda jurnalistika, she`riyatga qiziquvchi yoshlarni saylash, ularni shu sohalarga yo‘naltirish maqsadida taniqli ijodkor bilan uchrashuv tashkil etildi. Maktab kutubxonachisi Rohila Hakimova tashabbusi bilan o‘qituvchilar va o‘quvchilar mazmunli tadbirda qatnashdi. Maktabning ma`naviy-ma`rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Ilhom Abdurayimov o‘quvchilarga tadbirning maqsadini tushuntirdi. O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a`zosi, shoir va yozuvchi Nurmuhammad Muhammadiyev yoshlarga badiiy adabiyot turlari va o‘ziga xosligi, ijodiy qobiliyatni shakllantirish, jurnalistika va she`riyat janrlarida ijod qilish, buning uchun o‘quv dasturlariga qo‘shimcha ravishda adabiyotlarni o‘qish zarurligi haqida hayotiy tajribalarini gapirdi. “Kamalak jilosi”, ”Chinor guli” kitoblarida nashr etilgan she`rlarini ifodali o‘qidi.
O‘quvchilar ham o‘z ijod daftaridan she`rlarini o‘qidi. 7-“A” sinf o‘quvchilari Surayyo Do‘stmamatova, Latofat Boymamatova, 6-“A” sinf o‘quvchilari Roziya Xolmurodova, Shahrizoda O‘rolova, Jasmina Sheraliyeva yozgan she`rlarini o‘qiganida ijodiy qobiliyati rivojlanayotganligini namoyon qildi. Shundan so‘ng o‘quvchilar ijod va iste`dodni rivojlantirishga taalluqli savollarini aytib, ijodkorning javoblarini tingladi. Maktab jamoasining faolligi bilan tashkillshtirilgan ijodiy uchrashuv mazmunli va maroqli o‘tdi.
O‘z muxbirimiz