“G‘ALLA-2023” MAVSUMIGA QIZG‘IN TAYYORGARLIK 

Ayni kunda rizq-ro‘zimiz bo‘lgan g‘alla pishmoqda. Yetishtirilgan g‘allani nest-nobud qilmay yig‘ishtirib olish, g‘alla o‘rim-yig‘imi mavsumini uyushqoqlik bilan, betalafot o‘tkazish, ayniqsa, g‘allani yong‘indan muhofaza qilish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi va uning quyi tizimlari xodimlari tomonidan mahalla fuqarolar yig‘inlari mutasaddilari, tajribali dehqonlar, fermerlar bilan hamkorlikda yong‘inlar kelib chiqishining oldini olish, yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etilishini ta’minlash borasida zarur chora-tadbirlar amalga oshirilayapti. Viloyatda tashkil etilgan g‘allani o‘rish otryadlariga yong‘in xavfsizligi xizmatining tajribali xodimlari biriktirildi. Ular belgilangan ishlarni reja asosida tashkil qilmoqda.

«G‘alla – 2023» mavsumida yong‘in xavfsizligini ta’minlash, olib borilayotgan targ‘ibot-tushuntirish ishlari samaradorligini oshirish maqsadida panno va shiorlar tayyorlanib, serqatnov yo‘llar chetlariga o‘rnatildi. Yong‘in xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha murojaatnoma, eslatma va plakatlar tayyorlanib, aholi ko‘p yig‘iladigan joylarga, shiyponlar, g‘allani qabul qilish, saqlash hamda qayta ishlash korxonalariga ilib qo‘yildi. Hozir g‘alla o‘rimi mavsumida yong‘in xavfsizligini ta’minlash borasidagi ishlar qizg‘in olib borilmoqda. Mavsumni betalafot o‘tkazish, eng muhimi, xalqimizning rizq-ro‘zi bo‘lgan g‘allani o‘z vaqtida, isrof qilmasdan yig‘ishtirib olish uchun zarur ishlar amalga oshirilayapti.

                                             A.     TOSHTEMIROV,

                                             B.      USMONOV,

                 Qumqo‘rg‘on tumani FVB xodimlari