1. Hukumat qarori (122–son, 23. 03. 2023 y.) bilan Nogironligi bo‘lgan shaxsning va tarkibida nogironligi bo‘lgan shaxs bor oilaning elektron onlayn-auksion orqali yer uchastkasini sotib olish bilan bog‘liq xarajatlarini qoplab berish tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlandi.
Nizomga ko‘ra, yer uchastkasini auksion orqali sotib olish xarajatlaridan kelib chiqqan holda oilasi tarkibida nogironligi bo‘lgan shaxslar sonidan qat’iy nazar BHMning 100 baravarigacha (30 mln so‘mgacha) miqdorda bir martalik to‘lov ajratiladi. Bunda harajatlar ushbu miqdordan yuqori bo‘lgan hollarda BHMning 100 baravarigacha (30 mln so‘mgacha) bo‘lgan qismi qoplab beriladi.
Imtiyozli toifadagi shaxslar quyidagi mezonlarga muvofiq kelishi kerak: oxirgi 12 oy davomida o‘zi yoki oila a’zolari nomida yashash uchun mo‘ljallangan turar joyi yoki yer uchastkasi mavjud bo‘lmasligi; yer uchastkasi oxirgi 3 oy ichida auksion orqali xarid qilingan va O‘zbekiston hududida bo‘lishi; nogironligi bo‘lgan shaxs deb topilgan, shuningdek, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ning birida turgan bo‘lishi.
Imtiyozli toifadagi shaxs auksion orqali yer uchastkasi sotib olgandan boshlab 3 oy ichida o‘z hududidagi tuman (shahar) kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limiga murojaat qilishi lozim (ushbu muddatdan kechikib berilgan arizalar ko‘rib chiqilmaydi).
Mablag‘ ajratish to‘g‘risida belgilangan tartibda qaror qabul qilingandan so‘ng 5 ish kunida imtiyozli toifadagi shaxslarning arizasida ko‘rsatilgan bank plastik hisobvarag‘iga mablag‘ o‘tkazilishi ta’minlanadi.
R. SULTANOV,
Adliya bo‘limi boshlig‘i
2. Pedagog xodimlarning xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan Prezident tomonidan imzolangan Qonunga (O‘RQ–826, 27. 03. 2023 y.) asosan Jinoyat hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritildi. Jinoyat kodeksiga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra: Mehnatga biron-bir shaklda ma’muriy tarzda majburlash ta’lim tashkiloti pedagog xodimiga nisbatan xuddi shunday qilmish uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilsa quyidagi jazo choralaridan biri qo‘llanilishiga sabab bo‘ladi: BHMning 150 baravaridan 200 baravarigacha (45 mln so‘mdan 60 mln so‘mgacha) miqdorda jarima; 3 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish; 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari. Ilgari bunday norma mavjud emas edi. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ko‘ra, mehnatga biron-bir shaklda ma’muriy tarzda majburlash BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha (15 mln so‘mdan 30 mln so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Endilikda mazkur Kodeksga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchaga ko‘ra, xuddi shunday huquqbuzarlik ta’lim tashkiloti pedagog xodimiga nisbatan sodir etilsa, BHMning 100 baravaridan 150 baravarigacha (30 mln so‘mdan 45 mln so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi. Ilgari bunday norma mavjud emas edi.
Shuningdek, pedagog xodimning kasbiy faoliyatiga ta’lim oluvchilarning bilimini to‘g‘ri va xolis baholashiga ta’sir ko‘rsatish bilan ifodalangan tarzda qonunga xilof ravishda aralashish yoki uning xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilish: fuqarolarga BHMning 7 baravaridan 10 baravarigacha (ilgari 5 baravardan 7 baravargacha), mansabdor shaxslarga esa 10 baravaridan 15 baravarigacha (ilgari 7 baravardan 10 baravargacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Bundan tashqari, xuddi shunday huquqbuzarliklar ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin 1 yil davomida takror sodir etilsa: fuqarolarga BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha (ilgari 7 baravardan 10 baravargacha), mansabdor shaxslarga esa 15 baravaridan 20 baravarigacha (ilgari 10 baravardan 15 baravargacha) miqdorda jarima solishga yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoqqa olishga (ilgari ushbu jazo chorasi qo‘llanilmagan) sabab bo‘ladi.
F. MAMATOV,
tuman Adliya bo‘limi YuXKM yuristkonsulti
3. Tibbiyot xodimining qonuniy tibbiy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlik belgilanishi munosabati bilan Prezident tomonidan imzolangan Qonunga (O‘RQ–827, 27. 03. 2023 y.) asosan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga qo‘shimcha kiritildi. Unga ko‘ra, mazkur Kodeks quyidagi mazmundagi norma bilan to‘ldirildi: Tibbiyot xodimining qonuniy tibbiy faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki shu maqsadda tibbiyot xodimiga qonunga xilof ravishda har qanday shaklda ta’sir o‘tkazish: fuqarolarga BHMning 5 baravaridan 7 baravarigacha (1,5 mln so‘mdan 2,1 mln so‘mgacha), mansabdor shaxslarga esa 7 baravaridan 10 baravarigacha (2,1 mln so‘mdan 3 mln so‘mgacha) miqdorda jarima solishga yoki 15 sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.
S. MENGLIQULOV,
tuman adliya bo‘limi YuXKM boshlig‘i
4. “Davlat aktivlarini boshqarish agentligi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–101-son, 24. 03. 2023 y.) qabul qilindi. Qarorga ko‘ra, 2023 yil 1 maydan: respublika mulki bo‘lgan davlat ko‘chmas mulklari va davlat aksiya paketlari (ulushlari) Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga o‘tkaziladi, bundan Strategik islohotlar agentligi, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasiga tegishli ulushlar hamda Prezident qarorlarida nazarda tutilgan hollar mustasno; davlat muassasalari va davlat ishtirokidagi korxonalarni tashkil etish bilan bog‘liq ta’sis hujjatlariga kiritiladigan o‘zgartirishlar Davaktiv agentligining tegishli buyrug‘i mavjud bo‘lganda davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi; davlat ko‘chmas mulk ob’ekti va bo‘sh yer uchastkalari negizida amalga oshiriladigan davlat-xususiy sheriklik loyihalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar bitim tuzilgach 10 kun muddatda “Davlat mulki” axborot tizimiga kiritiladi; vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlarining davlat ko‘chmas mulki negizida investitsiya loyihalarini amalga oshirish va ularni begonalashtirish hamda davlat ishtirokidagi korxonalar va ular tizimidagi korxonalarga uchinchi shaxslar tomonidan investitsiya kiritishga oid kelishuvlari (bitim, shartnoma, memorandumlar) bo‘yicha majburiy tartibda Agentlik xulosasi olinadi.
2023 yil 1 iyuldan: davlat ishtirokidagi korxonalarning rahbari va uning o‘rinbosarlarini tayinlash (saylash) tanlov asosida amalga oshiriladi, bundan Prezident qarorlarida nazarda tutilgan hollar mustasno; davlat organlari va muassasalari, davlat ishtirokidagi korxonalar ma’muriy binolaridan xodimlar uchun belgilangan me’yordan kelib chiqib, samarali foydalanish tartibi joriy etiladi.
Shuningdek, davlat aktivlari, ularni boshqarish va xususiylashtirish to‘g‘risida jamoatchilikni xabardor qilishning quyidagi yangi tizimi joriy qilinadi: davlat ko‘chmas mulk ob’ektlari, davlat ulushi, davlat unitar korxonalari va davlat muassasalari hamda ularga tegishli avtotransport vositalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar Agentlik rasmiy veb-saytida real vaqt rejimida e’lon qilinadi.
2023 yil 1 oktabrgacha “Davlat mulki ob’ektlari bilan savdolarni o‘tkazish to‘g‘risidagi ma’lumotlarni joylashtirish portali” yaratiladi, unda barcha davlat mulki ob’ektlarini savdoga chiqarish va uning natijalari to‘g‘risidagi axborotlar joylashtiriladi hamda ushbu tizim soliq organlarining axborot tizimiga integratsiya qilinadi.
O. XURSANDOV,
tuman adliya bo‘limi YuXKM bosh yurist konsulti
5. “Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–102-son, 24. 03. 2023 y.) qabul qilindi. Qarorga ko‘ra, quyidagilar tasdiqlandi: ommaviy savdolar orqali to‘liqligicha sotiladigan 1001 ta korxonaning aksiya paketlari (ulushlari) ro‘yxati; aksiya paketlari “bitta aksiya – bitta lot” tamoyili asosida xalq IPOsini o‘tkazish tartibida ommaviy savdolar orqali sotiladigan 40 ta korxona ro‘yxati; ommaviy savdolar orqali sotiladigan 1046 ta davlat va davlat ishtirokidagi korxonalarning ko‘chmas mulk ob’ektlari ro‘yxati; munitsipal mulk ob’ektlarini belgilash mezonlari.
2023 yil 1 iyuldan jismoniy shaxslarga “Davlat mulki” axborot tizimi orqali maydoni 2000 metr kvadratgacha bo‘lgan davlat ko‘chmas mulk ob’ektlarini xususiylashtirish yoki ijaraga berish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri onlayn- auksion savdolariga chiqarish bo‘yicha ariza berish huquqi beriladi.
2023 yil 1 sentabrdan: ko‘chmas mulk ob’ektlari va davlat ulushlari xususiylashtirilganligi to‘g‘risidagi davlat namunasidagi order va sertifikat Davlat xizmatlari markazlari yoki YaIDXP (my.gov.uz) orqali beriladi; xaridorlar bilan shartnomalar “E-auksion” elektron savdo platformasida elektron shaklda rasmiylashtiriladi; har chorakda joyiga chiqqan holda investitsiya majburiyatlarining bajarilishini oraliq monitoring qilish tartibi bekor qilinadi; investitsiya majburiyatlarining bajarilishi to‘g‘risidagi hisobotlarni qog‘oz shaklida taqdim etish tartibi bekor qilinib, tegishli davlat organlari va tashkilotlarning elektron bazasini “Davlat mulki” axborot tizimiga integratsiya qilish va tadbirkorlar elektron tizimga kiritadigan ma’lumotlar orqali hisobotlarni olish yo‘lga qo‘yiladi.
2023 yil 1 sentabrgacha davlat ixtiyoridagi istirohat bog‘lari xatlovdan o‘tkaziladi.
J. IMOMOV,
tuman adliya bo‘limi YuXKM bosh yurist konsulti
6. “Agrar sektorni zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalari bilan ta’minlashni rag‘batlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–103-son, 29. 03. 2023 y.) qabul qilindi. Qarorga ko‘ra, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan qishloq xo‘jaligi texnikalari xaridini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning quyidagi yagona tartibi 2023 yil 1 apreldan joriy qilinadi: Prezident qarorida nazarda tutilgan subsidiyalar barcha mahalliy qishloq xo‘jaligi texnikasi ishlab chiqaruvchi korxonalarga tatbiq etiladi; tegishli ro‘yxat bo‘yicha xorijdan olib kelinadigan barcha turdagi qishloq xo‘jaligi texnikalari va agregatlari hamda ularning butlovchi buyumlari va ehtiyot qismlari 2025 yil 1 yanvargacha bojxona to‘lovlaridan (qo‘shilgan qiymat solig‘i va bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) va utilizatsiya yig‘imidan ozod qilinadi hamda tadbirkorlarga erkin muomalaga chiqarish (import) bojxona rejimiga joylashtirilgan sanadan boshlab QQSni 270 kungacha kechiktirib to‘lashga ruxsat beriladi; o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar va YaTTlarga qishloq xo‘jaligi texnikasi va agregatlarini lizingga berishga ruxsat etiladi; 2023–2024 yillarda qishloq xo‘jaligi texnikasi xaridini moliyalashtirish uchun jami 2,6 trln so‘m yo‘naltiriladi. Bunda: banklar tomonidan lizing tashkilotlariga kredit ajratilishida garov ta’minoti sifatida lizingga beriladigan texnikalar va sug‘urta polisi qabul qilinishi mumkin; xalqaro moliya institutlaridan jalb qilingan mablag‘lar hisobidan xaridorlarga qishloq xo‘jaligi texnikalari lizing marjasi yillik 3 foizdan oshmagan stavkada 10 yilgacha bo‘lgan muddatga Qishloq xo‘jaligi vazirligi buyurtmasi asosida lizingga beriladi.
S. CHORIYEV,
tuman adliya bo‘limi YuXKM bosh yurist konsulti