Xalq Konstitutsiyasi bilan xalqchil davlat sari

Yangilanayotgan Konstitutsiyada inson huquq va manfaatlari, qadr-qimmatini yanada yuksaltirish, chinakam xalqparvar davlatchilik asoslarini yaratish, aholi farovonligini yanada oshirish hamda hayotning barcha sohalarini liberallashtirish muhim omil sifatida qayd etilgan. Barchamizga ma`lumki, Konstitutsiyani o‘zgartirish bo‘yicha umumxalq referendumini – 2023-yil 30-aprel, yakshanba kuni o‘tkazish belgilandi.

 Shu munosabat bilan butun yurtimiz bo‘ylab “Konstitutsiya meniki, seniki, bizniki. Konstitutsiya o‘zimizniki!” shiori ostida targ‘ibot tadbirlari samarali o‘tkazilmoqda. Jumladan, Qumqo‘rg‘on tuman 4 ta sektor hududida joylashgan barcha mahalla fuqarolar yig‘inlarida Respublika Ma`naviyat va ma`rifat markazi bilan hamkorlikda “Xalq Konstitutsiyasi bilan xalqchil davlat sari” mavzusida targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi. Ushbu tadbirda “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi, shoira Mo‘minova Zulfiya, O‘zbekiston Davlat filarmoniyasi xonandasi, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi Nazarov Faxriddin, mahallalar fuqarolar yig‘inlaridagi aholi vakillari, nuroniylar, yoshlar  hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar, aholi vakillariga yangilanayotgan Konstitutsiyaning muhim jihatlari, mamlakatimiz hayotida tutgan o‘rni, unga kiritilayotgan yangi qo‘shimchalar va o‘zgarishlar xalqimizning turmush tarzini yanada farovonlashishiga, inson qadrini bundanda yuksalishiga xizmat qilishini alohida ta`kidlab o‘tdilar. Shuningdek, so‘nggi besh olti yilda erishgan yutuqlarimizni, islohotlarning ortga qaytmasligini ishonchli konstitutsiyaviy himoyasini ta`minlash, ushbu erishilgan natijalar, huquq va erkinliklardan kelajak avlodlarimiz emin-erkin foydalanishi uchun ularni Konstitutsiyada muhrlab qo‘yishimiz zarurligi xususida keng fikr-mulohazalar bildirdilar.

Konstitutsiyaning yana muhim jihatlaridan biri shundaki, endi farzandlar tarbiyasi bilan bir qatorda, ularga ta`lim berish, barkamol voyaga yetkazish ham ota-onalarning majburiyati ekani Konstitutsiyada mustahkamlanmoqda,- deydi   “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi, shoira Mo‘minova Zulfiya. Zero, bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta`minlash hamda himoya qilish, uning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan to‘laqonli rivojlanishi uchun eng yaxshi shart-sharoitlarni yaratish esa davlatning asosiy burchi sifatida belgilanmoqda. Tadbir tuman bo‘ylab davom etmoqda. Mehmonlar Navbahor mahalla-fuqarolar yig‘inidagi kam ta`minlangan oilalarning farzandlari holidan xabar olib sovg‘alarini topshirdi.

         SH. MAMADIYEV,

Ma’naviyat va ma’rifat markazi Qumqo‘rg‘on tuman bo‘linmasi rahbari