“Arpapoya” mahallasida yangi bog‘cha ochildi

Maktabgacha ta`lim tashkiloti tarbiyachilar va jajji bolalar uchun ziyo maskani, ma`rifat o‘rganuvchi dargoh hisoblanadi. Yurtboshimiz ota-onalarning ko‘z-u qarog‘i, dilbandi bo‘lgan farzandlarga sifatli ta`lim o‘rgatish uchun yangi bog‘chalarni qurishga g‘amxo‘rlik qilmoqda. Mehribon, bunyodkor yurtdoshlarimizning izchilligi, o‘z ishining ustaligi tumanimizdagi “Arpapoya” mahallasida ham bolalar uchun yangi maktabgacha ta`lim tashkiloti bunyod bo‘lishiga olib keldi.

Zamonaviy qulaylikka ega, ko‘rkam va shinam yangi 28-maktabgacha ta`lim tashkilotining ochilish marosimi o‘tkazildi. Bu mahalla faollari, o‘qituvchilar, tarbiyachilar, kichik yoshdagi bolalar, ota-onalariga, aholiga xursandchilik bag‘ishladi. Mahalla raisi Anvar Qo‘shnayev, xotin-qizlar faoli Gulchehra Yo‘ldoshyeva, 50-maktab direktori Chori Rasulov, mudira Maftuna Sattorova, xo‘jalik ishlari bo‘yicha mas`ul xodim Samad Yo‘ldoshyev ochilish marosimi shodiyonasida ishtirok etdi. Qo‘li gul ustalar bunyod etgan chiroyli bino, ayvon, stol-stullar, ko‘rgazmali vositalar, o`yinchoqlar, pazandalarning bolalar uchun tayyorlagan taomlari barchaning e`tiborini jalb etdi.

Tinch va serquyosh mahallada yashayotgan aholimizga shunday ko‘rkam qulayliklar yarashadi. Endi “Arpapoya”da yashayotgan kichkina do‘stlarimiz yangi maktabgacha ta`lim tashkiloti faoliyatidan bahra oladi. Porloq kelajagi uchun mustahkam ta`lim-tarbiyani o‘rganishni bu dargohdan boshlaydi.

     Nilufar CHORIYEVA,

50-maktabning Ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchisi