Bolalar nafaqasi yoki moddiy yordamni to‘lash             qanday hollarda to‘xtatiladi?

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 21 oktyabrdagi 654-son qaroriga 1-ilova bilan tasdiqlangan Kam ta’minlangan oilalarni «Ijtimoiy himoya yagona reestri» axborot tizimi orqali aniqlash, ularga kam ta’minlangan oilalar bolalari uchun nafaqa va moddiy yordam tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomning 39-bandiga asosan Bolalar nafaqasi yoki moddiy yordamni to‘lash quyidagi hollarda to‘xtatiladi:

– qonunchilik hujjatlari bilan belgilangan tayinlash muddati tugaganda;

– ariza beruvchi yoki boshqa muomalaga layoqatli oila a’zosi tomonidan yashash joyi bo‘yicha Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga to‘lov to‘xtatilishini so‘rab ariza taqdim qilinganda;

– oila doimiy yashash uchun O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqariga ko‘chib ketganida;

– «Yagona reestr» ATdagi yoki manfaatdor vazirliklar va idoralarning axborot tizimlari bilan idoralararo elektron o‘zaro hamkorlik tizimidagi texnik nosozlik natijasida, ma’lumotlar elektron ravishda to‘liq yoki qisman taqdim etilmaganligi sababli, shuningdek, arizani kiritishda va boshqa texnik xatolar oqibatida noto‘g‘ri tayinlanganligi aniqlangan taqdirda. Ushbu holatda o‘tgan davrda to‘langan mablag‘lar qaytarilmaydi;

– bolalar nafaqasi yoki moddiy yordamni tayinlash to‘g‘risidagi qarorga ta’sir ko‘rsatgan ariza beruvchi tomonidan noto‘g‘ri va ishonchsiz ma’lumotlar taqdim etilganligi yoki to‘liq taqdim etilmaganligi aniqlanganda;

– ortiqcha to‘lovlar aniqlanganda vaqtincha to‘xtatiladi. Bunda to‘lovlar kam ta’minlangan oilaga kelgusi oylarda to‘lanishi lozim bo‘lgan bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam uchun mablag‘lar hisobiga qayta hisob-kitob qilingandan so‘ng qayta amalga oshiriladi.

                                                                                   Dilorom XUDAYQULOVA,

Qumqo‘rg‘on tuman adliya bo‘limi inson huquqlari va huquqni qo‘llash amaliyoti bo‘linmasi bosh maslahatchisi