Qabul qilingan yangi qonun hujjatlar bilan tanishtiramiz

1. “Yoqilg‘i-energiya resurslaridan foydalanish sohasida davlat nazorati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–54-son, 13.02.2023 y.) qabul qilindi.

Qarorga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzuridagi Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari belgilandi. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar tomonidan O‘zenergoinspeksiya xodimlari zimmasiga ularning vakolatiga kirmaydigan vazifalarning yuklanishi taqiqlanadi.

Qarorga ko‘ra, Bosh prokurorning yoqilg‘i-energiya resurslaridan foydalanish sohasida qonunchilikka rioya etilishi va uning ijrosi ustidan nazoratni amalga oshirishga mas’ul bo‘lgan o‘rinbosari lavozimi joriy etildi. 2023 yil 1 martdan: O‘zenergoinspeksiya elektr energiyasi va tabiiy gazni nazorat qilish hamda hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimlaridagi yoqilg‘i-energiya resurslari iste’moli to‘g‘risidagi ma’lumotlarni monitoring qiladi; elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarlik bo‘yicha tuzilgan dalolatnomalarni elektron rasmiylashtirish va tegishli ma’lumotlarni “E-ma‘muriy ish” tizimiga kiritish tartibi joriy etiladi.

2023 yil 1 iyuldan yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar bilan elektr energiyasi hamda tabiiy gazni yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar elektr va gaz ta’minoti korxonalarining dasturiy ta’minoti yoxud “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi orqali tuziladi.

2023 yil 1 iyungacha yoqilg‘i-energiya resurslaridan noqonuniy va samarasiz foydalanish holatlari aniqlangan taqdirda, inson omilisiz qayta hisob-kitob qilish, yetkazilgan zarar miqdorini aniqlash va Soliq qo‘mitasi bazasida parallel ravishda hisobga olishni nazarda tutuvchi dastur joriy etiladi.

Qarorga ko‘ra shuningdek, elektr energiyasi, gaz hamda vodoprovoddan foydalanish qoidalarini buzish orqali talon-taroj qilish holatlarini o‘g‘rilik jinoyati sifatida belgilashni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqiladi.

2. “Yaylovlarni muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanishni ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident farmoni (PF–24-son, 16.02.2023 y.) qabul qilindi.

Farmonga ko‘ra, xalqaro moliya institutlarining 7,8 mln AQSh dollari miqdoridagi grant mablag‘idan 2023 yilda quyidagi choralar ko‘riladi: yillik quvvati 10 ming tonna bo‘lgan mayda shoxli mollar uchun omuxta yem ishlab chiqaruvchi korxonalar tashkil qilish; chorva hayvonlari genetik tadqiqoti laboratoriyasini tashkil qilish; qorako‘lchilik-naslchilik xo‘jaliklarida 500 ming bosh mayda shoxli mollarni raqamli identifikatsiya qilish. Shuningdek, don yetishtirish uchun 800 gektar yaylov o‘zlashtiriladi.

Farmonga ko‘ra, 500 gektar yaylovda quyosh energiyasida ishlaydigan nasos agregatlari yordamida yerosti suvlarini chiqarish hamda tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy etish bo‘yicha namunaviy pilot loyihasi amalga oshiriladi.

2023 yil 1 avgustgacha: ijaraga berilgan yaylov yer maydonlari (o‘rmon fondi yerlari bundan mustasno) xatlovdan o‘tkazilib, yaylovlardan foydalanishning holati hamda shartnoma talablari bajarilganligi o‘rganiladi; yaylov yer maydonlaridan maqsadsiz foydalangan holatlar yuzasidan choralar ko‘riladi; yaylov yer maydonlarining elektron hisobini yuritish yo‘lga qo‘yiladi. 2023 yil 1 sentabrgacha yangi tahrirdagi “Yaylovlar to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqiladi.  

            R. SULTANOV,     

tuman adliya bo‘limi boshlig‘i