Qumqo‘rg‘on tuman hokimi A. Normamatovning 8-mart Xalqaro xotin-qizlar bayrami munosabati bilan yo‘llagan tabrigi

Assalomu alaykum, muhtarama onaxonlar, qadrli   opa-singillar, dilbar qizlarim!  Tabiat uyg‘onib, tobora chiroy ochayotgan mana shu shukuhli ayyomda siz azizlarni, sizlar orqali barcha ayollarni 8-mart Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan chin qalbimdan muborakbod etib, ezgu tilaklarimni bildirishdan baxtiyorman.

Biz hayot falsafasi, ma’no-mazmuni va go‘zalligini birinchi navbatda barchamizni dunyoga keltirgan, oq yuvib, oq tarab voyaga yetkazgan muqaddas ona siymosida, ayol timsolida ko‘ramiz, ayol zotini yaratganning  tengsiz  mo‘jizasi deb ulug‘laymiz. Haqiqatdan ham, go‘zallik va nafosat, mehr-u muhabbat, vafo va nazokat ramzi bo‘lgan, o‘zining mehribonligi, qalb saxovati bilan  har qaysi oilani oila qiladigan, unga fayz-u tarovat beradigan, farzandlarimiz yuragiga  o‘z ona yurtiga  sevgi va sadoqat tuyg‘usini singdiradigan  ayollarimizning betakror fazilatlari haqida har qancha gapirsak, ularni har qancha e’zozlasak arziydi.

Barchamizga ayonki, dunyoda davlat va jamiyatning  nufuzi,  madaniy darajasini ko‘rsatadigan mezonlar ko‘p. Lekin har qaysi millatning  ma’naviy kamolotini yaqqol aks ettiradigan  shunday bir mezon borki, u ham bo‘lsa, jamiyatning xotin-qizlarga bo‘lgan  munosabati, hurmati bilan belgilanadi.

Ayolni e’zozlash, ayolga ehtirom ko‘rsatish xalqimizga xos olijanob qadriyat hisoblanadi. Biz, barchamiz qanday kasb, qanday lavozimda ishlamaylik, qalbimiz, yuragimizdagi jamiki ezgu fazilatlar uchun siz, mehribon ayollardan umrbod qarzdormiz.

Ayniqsa, siz, azizlarning sog‘lom zurriyod, barkamol avlodni tarbiyalab voyaga etkazishdagi o‘rningiz va xizmatingizni hech narsa bilan qiyoslab, baholab bo‘lmaydi.

Sizlarning mehr-muhabbatingiz, vafo va sadoqatingiz, fidoyiligingiz sababli hayotimiz charog‘on. Sizlar tufayli oilalarimizda tinchlik-osoyishtalik, qut-baraka hukm surayotgani uchun barchangizga har qancha tasanno aytsak, arziydi, albatta.

Mustaqil taraqqiyot yillarida  Vatanimizni har tomonlama  ravnaq toptirish, oldimizda turgan ezgu maqsadlarga  erishish yo‘lida  butun xalqimiz  qatori  xotin-qizlarimizning beqiyos  hissasi borligini  hamisha minnatdorlik bilan ta’kidlaymiz.  Azaldan muhtarama ayollarimizga xos bo‘lgan  mehnatsevarlik, mehribonlik,  shukronalik va orastalik, ro‘zg‘orni, umuman, oila hayotini oqilona boshqarish   fazilatlari eng yuksak tahsinga  sazovordir.

Go‘zallik va nafosat ayyomi – 8 mart bayramini biz har safar katta quvonch va hayajon bilan kutamiz. Chunki bu qutlug‘ ayyom qalbimizda, yuragimizda sizlarga bo‘lgan cheksiz mehrimiz, hurmatimizni izhor etish uchun yana bir katta imkoniyat beradi.

Sizlarning doimo mana shunday ochilib, hayotdan, taqdirdan rozi bo‘lib, yayrab-yashnab yurishingiz uchun, sizlarning baxt-u saodatingiz uchun biz doimo sidqidildan xizmat qilishga tayyormiz.

 Mana shunday quvonchli kunlarimiz ko‘p bo‘lsin!

Ayni shu damlarda qalbimda, yuragimda sizlar uchun doimo saqlanib kelayotgan chuqur hurmatimni izhor etib, bir fikrni bildirmoqchiman.  Ayol zotiga, aynan sizlarga mansub go‘zal fazilatlar, hayotimizda hukm surayotgan  tinchlik-osoyishtalik va mehr-oqibat muhitini mustahkamlash, hamjihatlik va ahillik kabi  insoniy tuyg‘ularni yanada yuksaltirish, farzandlarimizni sog‘lom va barkamol etib tarbiyalash yo‘lidagi ezgu intilishlaringiz, beqiyos xizmatlaringiz uchun butun yurtdoshlarimiz, xalqimiz nomidan  barchangizni bayram bilan muborakbod etishni o‘zimning  burchim deb bilaman.  Yana va yana bir bor sizlarni bahor va nafosat   ayyomi bo‘lmish  8-mart Xalqaro xotin-qizlar kuni  bilan  samimiy tabriklayman. Umringiz uzoq, rizq-u nasibangiz  ziyoda bo‘lsin.