Barchamizga ma`lumki, bugungi zaminimizda fan-texnika, texnologiya, sanoat va ishlab chiqarish rivojlangan bir paytda u bilan hamohang ravishda ekologik muammolar ham yuzaga chiqib barchamizni, qolaversa mamlakatimiz aholisini chetlab o‘tayotgani yo‘q, albatta. Buni kundalik turmushimizda har birimiz nafas olayotgan havomizning og‘irlashib zaharlanishdan, iste`mol qilayotgan suvlarimiz tarkibidagi o‘zgarishlardan, qolaversa atrofimizdagi turli xil maishiy chiqindilarning barchamizni qurshab olayotganligidan sezishimiz mumkin.
Bu borada mamlakatimiz Prezidentining tashabbuslari bilan amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida har yili kuz va bahor oylarida turli xildagi mevali va manzarali ko‘chatlar ekilayotganligi, kelgusida ularning parvarishiga aholining barcha qatlami jalb etilib, buning uchun mas`ul ekanligimizni, albatta, unutmasligimiz kerak. Mazkur loyiha asosida tumanimizda mutasaddilarning ma`lumoti bo‘yicha 2021-2022 yil kuz-bahor mavsumida jami 1137,4 ming dona ko‘chat ekilgan bo‘lsa, 2022 yilning kuz mavsumida 409,5 ming dona ko‘chat ekilgani to‘g‘risida mutasaddilar hisobot berishdi. 2023 yilning bahor mavsumida jami 728,7 ming dona ko‘chat o‘tkazish rejasi belgilanib, bugungi kunda jami 377,3 ming donadan ortiq ko`chatlar o‘tkazildi. Bu 51,8 foizni tashkil qilmoqda. Qolaversa loyiha asosidagi ishlar tumanimizning barcha hududlarida uyushqoqlik bilan davom etmoqda. Barchamizga ma`lumki hurmatli Prezidentimiz 2022 yil 20 dekabr kunidagi Oliy Majlis va O‘zbekiston aholisiga Murojaatnomasida mamlakatimizda ekologiya va atrof-muhit muhofazasi, ayniqsa tabiiy resurslardan maqsadli va samarali foydalanishda alohida e`tiborga loyiq masalalar ko‘tarilganligini ta`kidladi. Bu borada shunday dedi: “Ekologiya, ayniqsa suv masalasida global muammoga aylanib borayotganligi bilan bog‘liq. Biz nafaqat bugungi, balki kelajak avlodlarni ham o‘ylashimiz shart. Shu bois Konstitutsiyamizda tabiiy resurslar, jumladan suv havzalari va yer osti zaxiralarini muhofaza qilish bo‘yicha talablarni kuchaytirishimiz zarur.
Hozirgi vaqtda butun dunyoda bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham jiddiy ekologik muammolar paydo bo‘lmoqda. Aksariyat hududlarimizda tuproq tarkibi buzilib, unumdor yerlar qisqarib borayotgani, cho‘llanish, suv yetishmasligi, qurg‘oqchilik, aholini toza ichimlik suvi bilan ta`minlash shular jumlasidandir. Tabiatimizni asrab-avaylash, suv, havo va atrof-muhitni toza tutish, kelgusi yilda har bir mahalla aholisining madaniyati va amaliy harakatiga aylanishi kerak. Bu borada mavjud vaziyatni ijobiy tomonga o‘zgartirish uchun ekologiya va atrof-muhutni asrash bo‘yicha sa`y-harakatlarimizni, xususan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi ishlarimizni kuchaytiramiz” deb atrof-muhit, ekologiya va tabiiy resurslar masalasiga alohida e`tibor qaratganligi albatta bejizga emas.
Bozor YANGIBOYEV,
O‘zbekiston Ekologik Partiyasi Qumqo‘rg‘on tuman kengashi raisi, tuman Kengashi deputati