Qalam uchudagi bashoratlar

Televizornnig bir ko‘rsatuvida oltmish besh yoshardagi bir adabiyotshunos olim

“O‘ylakim, paydo bo‘lur yulduz nihon bo‘lg‘och quyosh,”-

deb yozilgan misrani hijjalab, tutilib-tutilib o‘qib qoldi. Bu misrani yozganlarida Navoiy bobomiz  manbalarda keltirilishicha to‘qqiz yoshar bolakay bo‘lganlar. Bu she’r bir o‘qishda  o‘zlarini adabiyotshunos olim deb bilmagan hazrati Jomiyning yodida qoldi. Bo‘ladigan bola boshidan ma’lum deb Alisherning qoshini va boshini siladi.

Shu “bo‘ladigan bola” ikki yuz ming misracha nazm durdonalarini yaratdi. “Xamsa”ni Ganjaviy yigirma yil yozgan bo‘lsa, “bo‘ladigan bola” hech kimnikiga o‘xshamagan  52 ming misralik “Xamsa”sini ikki yilda yozib tugatdi. Bu shiddatdan

Zamoniga keldi ul kishi,

Ki ishi emas odamizod ishi,-

deb o‘zidan o‘zi hayratlandi.  “Bo‘ladigan bola” boshqalar tig‘ bilan zabt etolmagan kengliklarni qalami bilan zabt eta bilgan bola bo‘lganini bugun butun ahli jahon e’tirof qilib turmoqda. “Bo‘ladigan bola” ustozining bashoratini ro‘yobga chiqardi.

Musavvirlar chizgan suratlarni hayotiy deb qabul qiladigan bo‘lsak, 1452-1519 yillarda yashagan Leonardo da Vinchining qoshlari quyuq bo‘lgan. Qoshlari salkam quloqlarigacha o‘sgan odam bo‘lgan. Salvador Dali degan ispaniyalik rassomning “Xotira barqarorligi” degan asariga ko‘zingiz tushgandir. Bu asar “Yumshoq soatlar” degan nom bilan ham mashhur. Dunyoda nimaiki narsa bo‘lsa, hammasi o‘zgarib boradi. Chunki vaqt hamma narsani o‘zining izniga bo‘ysindiradi. Uning izniga tushib tog‘-u toshlar ham bora-bora yumshab boradi. Hamma narsa vaqtning jilg‘alarida  oqib boradi. Baland tog‘lar, bepoyon sahrolar oqib boradi. Oqim to‘xtagan joyda hamma narsa to‘xtab qoladi. Bu oqimlarning ichida eng katta oqim-Odamzot. “Yumshoq soatlar”ning tasviri g‘aroyib: tasvir muallifi uxlayapti. Tush ko‘rayapti. Uning ustiga soat tashlab qo‘yilgan. Soatda chumolilar o‘rmalab yuripti. Chumolilarning o‘rmalashi yoshliknnig, o‘tmishning  hayoldagi o‘rmalashlari. Soat eriyapti. Soat tomchilayapti. Soatning  nayzadek uchlari yetti daqiqasi kam o‘n raqamining ustida. Demak vaqt ertalab  to‘qqizu ellik uch daqiqa bo‘lgan. Soat shu vaqtda to‘xtab qolgan. Hodisalar behuda. Xotira barqaror. Soat to‘xtagan. Xotiralar harakatda. Chunki chumolilar va tomchilar harakatda. Harakat va to‘xtalish. To‘xtab qolish. Kelajakning harakati va o‘tmishning to‘xtab qolishi. Umr deganlarining, hayot deganlarining eng katta va eng kichik  mazmuni bor yo‘g‘i mana shu. Lekin shu mazmun ichra yashiringan yana bir mazmundan hayron qolmaslikning iloji yo‘q. Qaysi bir kunning ertalab soat to‘qqizu ellik uchinchi daqiqasida musavvirning paymonasi to‘ldi. Dali bu tasvirida o‘zining qazo vaqtini bashorat qilgan ekanda deb o‘ylarsiz. Men bunday o‘ylamayman. Men Salvador Dalinnig ham qoshlari Leonardo da Vinchining qoshlariga o‘xshagani uchun ham uning siyratida bashoratchilik salohiyati bo‘lgan deb aytmayman. Ayni paytda bu shunchaki tasodif holat edi deb ham aytmayman. Shu xususda aytmoqchi bo‘lgan gapimning o‘rniga Aristotelning  san’atkor hamma ko‘rib turgan narsalar haqidagina emas, boshqalar ko‘rolmaydigan narsalar haqida ham so‘zlay biladilar degan jo‘ngina gapini keltirib qo‘ya qolaman. Aristotelning bu gapi san’atkor hayotdan bir qadam oldinroqda yuradi deb biz o‘zimizcha, o‘zaro gapirib yuradigan jo‘ngina gapni eslatishini ham eslab qo‘yaman, xolos.

Asli surishtirib ketaversangiz ijod ahlinnig bashoratgo‘yligi yoki bo‘lmasam bashoratgo‘yligiga yaqinligi  haqidagiga ishora beruvchi va bu bilan sizni hayratlantiruvchi  bir talay misollarga duch kelasiz. Mavlono Muqimiy tirikligida yaqinlariga  o‘zini Shayxon qabristoniga dafn etishlarini vasiyat qildi. Biroq vaqtida tanobchilarni, mingtepalik halifalarni hajv qilganidan, zamon ayonlarini gohida pashshaga, gohida qo‘ng‘izga mengzab yozganidan nozik dillari ranjigan mayda-katta mulozimlar bu vasiyatga monelik bildirdilar. Mayitga qabriston devorining tashqi tomonidan joy ko‘rsatdilar. Vaqtlar o‘tib shoir tug‘ilgan sananing yuz yilligini keng nishonlagan el-ulus uning hokini qabristonning to‘riga ko‘chirdi. Shu munosabat bilan qabristonni bog‘u bo‘stonga, gulistonga aylantirdi. Shoirning niyati ro‘yobga chiqdi. Shoirning

Bir kuni bo‘lg‘ay bu qabriston gulistonim mening,-

deb  hayol bilan yozgan hayoliy misrasi hayotiy misraga, real hodisaga aylandi.

Yozsa yoziptida. Chizsa chiziptida. Ijodkorning bashoratnamo  taxminlaridan  jamiyatga, insoniyatga  nima nafu, nima foyda deb so‘rarsiz. Ramzin degan konstruktor o‘ttizinchi yillari qamoqda o‘tirganida bekorchilikdanmi Aleksandr Belyaevning romanlarini eslab qolganini xotirlaydi. Suv osti qishloqlarida tug‘ilgan va yangi sharoitlarga moslashgan kelajak avlod…Millionlab, milliardlab odamlarni o‘zining bitmas-tuganmas  oziq-ovqat va sanoat ashyolari zahiralari bilan bag‘riga oladigan okean… “Odam-anfibiya”da yozilgan bu gaplar Ramzinga turtki bo‘ldi. U o‘zini kimlar qamatganini, nima uchun qamatganlarini unutganday bo‘lib suv osti kemalarining loyihalari ustida ishlarini boshlab yubordi.

Ko‘pgina fantast yozuvchilarning asarlari shunchaki fantast asarlar bo‘lib qolaverdi. Belyayevning romanlari-chi. Jamiyatning, odamlarning hayotiga kirib kela boshladi. Fantastika kundalik hayot voqea-hodisalariga aylana bordi. Aytaylik, “Professor Douelning boshi” romani yozilganidan keyin ko‘p emas, o‘ttiz yillarcha o‘tib bosh qahromon, ya’ni Douelning boshi hayolot osmonidan yerga tushib keldi. Sirli va mahobatli laboratoriyalarga kirib bordi. Bu tashrifdan ilhomlangan tadqiqotchilar dastavval itlarga ikkinchi boshni payvand qildilar. Keyinroq yurakni odamdan odamga ko‘chirish ustida ishlay boshladilar. Va nihoyat 1967 yilda Kristian Bernard degan jarroh dunyoda birinchi bo‘lib bu ishni muvaffaqiyatli amalga oshirdi.

Mixayil Bulgakov sho‘x-sho‘tanoq bola bo‘ldi. Shaddod yigit bo‘ldi. Velosiped poygalarida g‘oliblik qildi. Motosiklchilar musobaqasidan qolmadi. Qaysidir bir terma jamoada futbol tepdi. Bulgakov – vrach-venerolog. Harbiy vrach. Reportyor. Aktyor. Dramaturg. Temir yo‘l ishchisi.  Bulgakov Ivan  sirli nur, sirli nurlanish hodisasini dunyo adabiyotiga birinchi bo‘lib olib kirgan odam bo‘ldi. Irsiy injenerlik hodisasini o‘zicha tadqiq qilgan odam bo‘ldi. Kimsan Kurchatov degan odam uni g‘oyaviy ustozim deb atagani bejizga emasda.

Maqolamni suyukli shoirimiz Abdulla Oripovning

Kim bilar paymonam qayerda to‘lar,

Meni olib keting o‘z diyorimga.-

degan misralari bilan yakunlayman.

Shoirning bu misralarida qanday bashorat bor. Bu bashorat qazosidan qancha vaqt ilgari aytilgan. Buni aytib berish endi, aziz o‘quvchim, sizga havola.

Olimjon  USANOV,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan journalist