Eng yomoni bolaning uvolidir

yoxud o‘qituvchining vijdoni…

Pedagogik faoliyatda o‘qituvchining vijdoni ta`lim-tarbiya jarayonida ahloqiy yo‘l-yo‘riqlarni va kasbiy burchni qanday bajarayotganini, nazorat qiluvchi ma`naviy kuchdir. O‘qituvchi faoliyatida, axloqida, xulqida vijdon o‘z-o‘zini nazorat qilish vositasidir. O‘qituvchilik boshqa kasblardan o‘zining shu jihati bilan keskin ajralib turadi. O‘qituvchilik vijdoni muallimni o‘z bilimi, tajribasi va qobiliyatini to‘la ishga solib, boshqalarni o‘qitish, tarbiyalash va ma`rifatli qilishga da`vat etadi. Vijdonli o‘qituvchi ta`lim-tarbiya ishlarini yuksak darajada amalga oshirish uchun qo‘lidan kelgan barcha ishlarni qiladi.

Agar kishida o‘qituvchilik qilishga qobiliyat, pedagogik faoliyatga qiziqish, iste`dod bo‘lmasa, jamiyat talab qiladigan darajada bolalarni o‘qita olmasa, agar u kun o‘tkazish uchungina muallimlik qilayotgan bo‘lsa, bu-o‘qituvchilik vijdonining yo‘qligini ko‘rsatadi. Albatta, guruch kurmaksiz bo‘lmaydi deganidek, bugun oramizda o‘z kasbining xiyonatkor egalari bo‘lgan o‘qituvchilar ham borligi achinarlidir. Kuni kecha tuman Kengashi deputatlari Bahodir Valiyev, Qirmiz Tursunova, Dilnoza Mo‘minovalar bilan tumanimizdagi “Umid nihollari” mahallasida joylashgan 12-maktabni borib o‘rganganimizda ayanchli holatning guvohi bo‘ldik. 3 “A” sinf o‘quvchilariga ingliz tili darsi bo‘layotgan ekan. Afsus ingliz tili fani o‘qituvchisi dars vaqtida yo‘q, sinf rahbari dars o‘tmoqda. Muhtaram Yurtboshimiz tomonidan maktabda ingliz tilini bolajonlarga o‘rgatilishiga katta e`tibor qaratilmoqda. Bolajonlardan Sizlarga yana qaysi fanlar o‘tilmasdan kelmoqda,- deb so‘raganimizda musiqa, jismoniy tarbiya fanlarini o‘tishmaydi degan javobni oldik. Bolalarning kelajagini boshlang‘ich sinfligidan barbod qilsangiz, ertangi kunda ulardan qanday qilib yuqori natijalarni kutasiz? 5”B” sinfiga ona tili darsi o‘tilmoqda. O‘quvchilar nazorat ishi yozishmoqda. Hayotimda birinchi bor guvoh bo‘ldim, ona tili fanidan o‘quvchilar matematika daftari tutishganiga. Bu yerda o‘qituvchining kasb malakasi qayerga ketadi? O‘quv yili boshlanganidan buyon o‘quvchilar 10-nazorat ishini yozishmoqda, faqa-a-a-t yozishmoqda… O‘qituvchi bironta nazorat ishini tekshirib baholamagan. O‘sha ona tili va adabiyoti fani o‘qituvchisiga daftar tekshirgani uchun alohida pul ajratilgan. 7 “B” sinf o‘quvchilari bilan ham suhbatlashganimizda musiqa, tasviriy san`at fanlari o‘tilmaydi deyishdi. Aytmoqchi, tasviriy san’at fani 7 soatga qo‘yilganligi bois o‘quvchilarga javob berib yuborar ekan. Ketish vaqtimizda yana bir voqeaga duch keldik. Yuqori sinf o‘quvchilariga texnologiya fanidan dars mashg‘uloti o‘tilmoqda. O‘qituvchining o‘quvchilar bilan muomalasini eshitib dilimiz xira bo‘ldi. O‘qituvchi har bir bolaning xarakteridan kelib chiqib muomala qilishi kerak. Bejizga Oliy ta`lim dargohida psixologiya degan fan o‘tilmaydi. O‘qituvchi eng avvalo psixologdir. Ushbu maktabning sinfxonalaridagi tozalikni ko‘rib afsus deyishdan boshqa gap topolmadik… O‘qituvchilarni o‘z holiga tashlab qo‘ygan maktab rahbarlariga aytar so‘zimiz, Sizlar bolalarning kelajagiga hiyonat qilayapsizlar. Har narsaning uvoli bor. Eng yomoni bolaning uvolidir.

   Rayhon Mengziyayeva,

tuman Kengashi deputati