Bizga ma`lumki, O‘zbekiston Respublikasida yoshlarni qo’llab-quvvatlash va ularga keng imkoniyatlar berish tartiblari tog’ri yo’lga qo’yilgan bo’lib, har bir amalga oshirilayotgan islohotlarda yoshlar huquqi kafolatlangan. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining 2016-yil 14-sentyabrdagi «Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida»gi Qonunida yoshlarni huquqiy va ijtimoiy muhofaza qilish, iste`dodini qo‘llab-quvvatlash masalalari qamrab olingan. Shuningdek, Konstitutsiyamizning 41-moddasida bepul umumiy ta`lim olish huquqining yoshlar uchun kafolatlangani ham e`tiborga molikdir. Shaxsning bilim olishga bo‘lgan huquqi asosiy Qonunimiz asosida qabul qilingan «Ta`lim to‘g‘risida»gi qonunida ham mustahkamlab qo‘yilgan. Yoshlar o‘z iqtidor va iste`dodlarini to‘la namoyon etishga haqlidirlar. Mamlakatimiz Konstitutsiyasining 42-moddasida esa har kimga ilmiy va texnikaviy ijod erkinligi, madaniyat yutuqlaridan foydalanish huquqi, davlat jamiyatning madaniy, ilmiy va texnikaviy rivojlanishiga g‘amxo‘rlik qilishi belgilangan. Mana shularning mantiqiy davomi sifatida Prezident maktablari, Temurbeklar maktabi, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarda yoshlarga berilayotgan zamonaviy ta`lim-tarbiya Yangi Renessansning mustahkam poydevori bo‘lsa, oliy ta`lim sohasidagi islohotlar va imkoniyatlar ustunidir.
Shuning uchun ham, bu borada qator me`yoriy-huquqiy hujjatlar ishlab chiqildiki, ular yoshlar intilish va iqtidorlarini qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirishga oid, rahbar kadrlarning boshqaruv salohiyatini yuksaltirish yangi qadam va yangi tizimni shakllantirdi. Quvonarli tomoni shundaki, zamon talablari va ijtimoiy, iqtisodiy o‘zgarishlar sharoitida bugungi yoshlar talab va ehtiyojlarini o‘rganib, yangidan yangi imtiyoz va imkoniyatlar eshigi ochib berilmoqda. Yangi yoshlar siyosatini qurishda mamlakat Prezidentining shaxsan ishtirokini alohida ta`kidlash kerak. Davlat rahbari tomonidan yosh avlodni shakllantirishning dastlabki pallasida tarbiya masalalariga alohida e`tibor qaratilmoqda. Jumladan, davlatimiz rahbari Sh. M. Mirziyoyev deyarli barcha islohotlarning bardavomligini yoshlarni qo‘llab-quvvatlash siyosatida ko‘rayotganida. Boshlang‘ich, o‘rta va oliy ta`lim islohoti buning yaqqol tasdig‘i. Bu islohotlarning yutug‘i esa bu sohadagi korrupsiyaga qarshi kurashni hamda yoshlarning davlat va qonunlarga ishonchini orttirmoqda. Xorijiy ta`lim muassasalaridan o‘zimizdagi oliy ta`lim o‘quv yurtlariga o‘qishini ko‘chirish, test jarayonlari, bir vaqtning o‘zida 5 ta OTMda bilimini sinab ko‘rish masalalari buning yorqin misolidir.
Bundan tashqari 2023-yil 7 fevral kuni qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturini tasdiqlash to‘g‘risida” gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori va ushu qaror asosidagi O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturi ham fikrimizning yorqin isbotidir.
A. Xolmo‘minov,
Qumqo‘rg‘on tumanlararo iqtisodiy sudi raisi