Ish beruvchilar xodimlar bilan tuzilgan mehnat shartnomalarini ular vaqtincha mehnatga qobilyatsizlik davrida bo‘lganda hamda kasaba uyushmasi qo‘mitasining roziligini olmasdan bekor qilish holatlari uchramoqda. Qumqo‘rg‘on tumani “Yangi shahar” mahallasi 10 uy, 6 xonadonda yashovchi To‘raeva Hafiza O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Surxondaryo viloyat Kengashiga murojaat qilib ish beruvchining xatti-harakatlaridan noroziligi sababli o‘z vazifasiga ishga tiklashga yordam berishni so‘ragan. Mazkur murojaat mehnat huquq inspektori Z. Xolov hamda Qumqo‘rg‘on tuman agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi kengashi raisi B. Mengliboevlar bilan birgalikda o‘rganildi.
Aniqlangan holatlarga ko‘ra, To‘raeva Hafiza 2009 yildan boshlab “Agrobank” ATB Qumqo‘rg‘on filialida turli lavozimlarda ishlab kelgan. Ish beruvchi uning juz’iy xato va kamchiliklari uchun mehnat munosabatlarini bir marotaba qo‘pol ravishda buzgan deb tuzilgan mehnat shartnomasini 2022 yil 15 sentabrdan boshlab O‘zbekiston Respublikasi MKning 100-moddasi 2-qismi 4-bandiga asosan bekor qilgan. (Buyruq № 52-ShT 15.09. 2022 yil).
Ish beruvchi mehnat shartnomasini bekor qilishda bir qator xatoliklarga yo‘l qo‘ygan. O‘zbekison Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Ijroiya qo‘mitasining 2021 yil 19-martdagi № 2-37 ”s” sonli qarori bilan tasdiqlangan “Kasaba uyushmasi organlarida mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilish to‘g‘risida”gi taqdimnomasini ko‘rib chiqish tartibining 11-bandida “Masalasi ko‘rilayotgan xodim tegishli kasaba uyushmasi organi majlisida ishtirok etish huquqiga ega. Kasaba uyushmasi organi xodimning majlisida ishtirok etish uchun majlis o‘tkaziladigan sana va joy haqda oldindan yozma shaklda yoki pochta orqali xabardor qilishi shart” deb ko‘rsatilgan. Kasaba uyushmasi qo‘mitasi yig‘ilishida H.To‘raevaning ishtirokini ta’minlanmagan va yig‘ilish bo‘ladigan kunda u mehnatga layoqatsizlik davrida bo‘lgan. Ish beruvchi u bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilishda Mehnat Kodeksining 101-moddasi talablarini buzgan. O‘zbekiston Respublikasi MK ning 100-moddasi 3-qismida “Xodim vaqtincha mehnatga qobilyatsizlik davrida va mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari va boshqa normativ hujjatlarda nazarda tutilgan ta’tillarda bo‘lgan davrida mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilishga yo‘l qo‘yilmaydi. Korxona butunlay tugatilgan hollar bundan mustasno” deb ko‘rsatilgan.
H.To‘raeva 2022 yil 15-sentabrdan 4-oktabrga qadar mehnatga layoqatsizlik davrida bo‘lgan. Ish beruvchi H.To‘raevani mehnatga layoqatsizlik davrini inobatga olmasdan u bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilib, MK ning 100-moddasi 3-qismi talablarini buzgan. Ish beruvchi To‘raeva Hafiza bilan tuzilgan mehnat shartnomasini 100-moddasi 2-qismi 4-bandiga asosan bekor qilishda O‘zbekiston Respublikasi MKning 100-moddasi 3-qismi 101,102-moddasi 5-qismi talablarini buzgan.
Mehnat huquq inspektori ishga tiklash haqidagi fuqarolik ishida sud muhokamasi davrida H.To‘raevaning qonuniy huquq va manfaatlari himoya qilindi va sudga qonuniy xulosa berildi. Fuqarolik ishlari bo‘yicha Qumqo‘rg‘on tumanlararo sudining 2022 yil 13 dekabrdagi hal qiluv qaroriga ko‘ra da’vo qanoatlantirildi. Ish beruvchining 2022 yil 15 sentabrdagi № 52-ShT sonli buyrug‘i bekor qilindi. H.To‘raeva “Agrobank” ATB Qumqo‘rg‘on tuman filiali front ofis bo‘limi bosh menejeri vazifasiga ishga tikladi. “Agrobank” ATB Qumqo‘rg‘on tuman filiali zararidan H.To‘raevaning foydasiga 11841868 so‘m majburiy bekor yurgna vaqtlari uchun oylik ish haqlari hamda 5000000 so‘m ma’naviy zarar undirildi.
Zarif XOLOV,
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Surxondaryo viloyati kengashi mehnat huquq inspektori
B. MENGLIBOYEV, Qumqo‘rg‘on tuman agrosanoat majmumi xodimlari kasaba uyushmasi kengashi raisi