O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 13 oktyabrdagi 592-son qaroriga 1-ilova bilan tasdiqlangan Davlat pensiyalarini tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi Nizomning 12-bandiga asosan Yoshga doir pensiya tayinlash uchun murojaat qilgan shaxsning arizasiga quyidagilar ilova qilinishi kerak: ish stajini, shu jumladan, maxsus ish stajini tasdiqlaydigan hujjat; ish haqi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma.
Bundan tashqari, zarur hollarda quyidagilar taqdim etiladi: a) tegishli organ tomonidan berilgan harbiy xizmatni, partizan otryadlari va qo‘shilmalarda bo‘lganlikni, davlat xavfsizligi organlarida va ichki ishlar organlarida xizmat qilganlikni tasdiqlaydigan ma’lumotnoma; b) oliy ta’lim tashkilotlarida (shu jumladan, o‘qish harbiy xizmatga tenglashtiriladigan harbiy ta’lim tashkilotlarida, shuningdek, partiya maktablarida), aspiranturada (stajyorlar-tadqiqotchilar-izlanuvchilar institutida), doktoranturada (katta ilmiy xodimlar — izlanuvchilar institutida) va klinik ordinaturada, tayanch doktoranturada va doktoranturada (oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutida) kunduzgi o‘qishni, shu jumladan, chet elda o‘qishni tasdiqlaydigan diplom yoki ma’lumotnoma; v) bolani parvarish qilish bo‘yicha ta’til berilganligi va ta’tildan qaytilganligi to‘g‘risidagi buyruqlarning nusxalari ilova qilingan holda ayol kishi bola tug‘ilgandan boshlab u uch yoshga to‘lgungacha bo‘lgan davrda mehnat munosabatlarida bo‘lgan tashkilot (tashkilotlar) tomonidan berilgan bola uch yoshga to‘lgunga qadar uni parvarish qilish vaqtini tasdiqlaydigan ma’lumotnoma; g) ofitserlar tarkibidan bo‘lgan shaxslar, praporshchiklar, michmanlar va muddatdan tashqari xizmat qiluvchi harbiy xizmatchilarning xotinlari, ularni ishga joylashtirish imkoniyati bo‘lmagan joylarda erlari bilan yashagan vaqtni tasdiqlaydigan ma’lumotnoma; d) O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan berilgan O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari xodimlarining, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan xalqaro hukumatlararo tashkilotlarga kvota qilingan lavozimlarga xizmat safariga yuborilgan shaxslarning xotini (eri) chet elda bo‘lgan vaqtini tasdiqlaydigan ma’lumotnoma; ye) ariza beruvchi urush qatnashchisi yoki unga tenglashtirilgan shaxs hisoblanishini tasdiqlaydigan hujjat; j) davolash-profilaktika muassasasining ariza beruvchi gipofizar nanizm bemori (liliput) yoxud disproporsional pakana ekanligi to‘g‘risidagi ma’lumotnomasi; z) familiya, ism, ota ismi o‘zgartirilganligi to‘g‘risidagi hujjat; i) oqlov hukmi yoki ish to‘xtatilganligi to‘g‘risida sudning ajrimi (qarori) yoki prokuror (tergovchi)ning ish to‘xtatilganligi to‘g‘risidagi qarori, shuningdek, oldini olish chorasi sifatida shaxsni tergov izolyatoriyada (turmada) qamoqda saqlash, qamoq yoki ozodlikdan mahrum etish shaklida jazoni o‘tash davri to‘g‘risida tergov organlari yoki ichki ishlar organlarining ma’lumotnomasi, shuningdek, reabilitatsiya to‘g‘risidagi hujjatlar (sud organlari, prokuratura organlari, surishtiruv va tergov organlarining oqlov hukmi chiqarilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotnomasi yoki reabilitatsiya qiluvchi asoslar bo‘yicha jinoyat ishi to‘xtatilganligi to‘g‘risidagi qarori (ajrimi); k) O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tuman (shahar) Aholi bandligiga ko‘maklashish markazining shaxsni ishsiz deb e’tirof etish to‘g‘risidagi taqdimnomasi; l) o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar uchun vaqtinchalik mehnat guvohnomasining asli yoki dublikati.
Mazkur bandda nazarda tutilgan ma’lumotlar «YaMMT» IDAKda mavjud bo‘lgan hollarda ma’lumotnomalar ilova qilinmaydi.
Olim Xursandov.
Qumqo‘rg‘on tuman adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuristkonsulti