Iste`dodlilar ta`lim muassasasi

11-bolalar musiqa va san`at maktabi tumandagi iste`dodli o‘quvchi yoshlarning musiqa va san`atga bo‘lgan qiziqishlarini rivojlantirish maqsadida faoliyat yuritayapti. Buning uchun ta`lim muassasasida 11 ta yo‘nalishda tajribali o‘qituvchilar dars mashg‘ulotlari o‘tayapti. Sinfxonalar kerakli o‘quv jihozlari bilan to‘liq ta`minlangan. Yakka dars o‘tish uchun musiqa asboblari etarli. Xonalar qishki mavsumda me`yor asosida isitilayapti. O‘quvchilar maktabdan bo‘sh vaqtlarida musiqa va san`at usullarini o‘rganayapti. Hozir jami 181 nafar o`quvchi ta`lim olayapti.

Iste`dodli yoshlar ustozlari yordamida turli ko‘rik-tanlovlari va festivallarida qatnashib faxrli o‘rinlarni egallamoqda. Quvonarli jihatlaridan biri ta`lim muassasasi o‘quvchilari xalqaro miqyosdagi festival va tanlovlarda muvaffaqiyatlarga erishayapti. 2020 yil dekabr oyida N`yu-York shahrida onlayin tarzdagi “Yangi yil bayrami” nomli festivalda fortepyana sinfi o‘quvchisi Abdulaziz Xo‘shboqov faxrli uchinchi o‘rini egallab, III darajali diplom bilan taqdirlandi. 2021 yil yanvar oyida o‘tkazilgan “San`at festivali”da xalq cholg‘ulari yo‘nalishi bo‘yicha Doirachilar ansambli hamda raqs yo‘nalishi bo‘yicha xoreografiya  sinfi o‘quvchilari Sabina Nosirjonova va Muxlisa Doniyorova faxrli ikkinchi o‘rindan joy olib II darajali diplomga sazovor bo‘ldi. 2021 yil fevral oyida onlayn tarzidagi “G‘alaba ovozi” xalqaro musiqiy-badiiy ijodiy tanlovda chang sinfi o‘quvchisi Vohidjon Mamayusupov faxrli ikkinchi o‘rinni egallagani uchun II darajali diplom bilan mukofotlandi. Shu yili “Bolalar musiqa va san`at maktablari ansambllari, orkestrlari va jamoa ijrochigi respublika ko‘rik-tanlovi”da Xalq cholg‘ulari ansambli viloyat bosqichida 1-o‘rinni, respublika miqyosida 2-o‘rini qo‘lga kiritdi. 2022 yil iyun oyida Samarqand shahrida bo‘lgan san`at yo‘nalishi bo‘yicha respublika ko‘rik-tanlovida xoreografiya sinfi o‘quvchisi Sarvinoz Jumayeva va haykaltaroshlik sinfi o‘quvchisi Shohjahon Sultonqulov faxrli ikkinchi o‘rinni egallab II darajali diplomga munosib deb topildi. Bu ta`lim myassasasi o‘quvchilari viloyat tanlovlarida ham faxrli o‘rinlardan joy oldi. Shuningdek, tuman va viloyat miqyosida o‘tkazilgan ommaviy tadbirlarda faol ishtirok etayapti.

Albatta, musiqa va san`atning bilimdonlari yosh avlodga soha sir-asrorlarini o‘rgatadi. Bu ishlarda zuvalasi pishigan tajribali ustozlar Izzatulo Rahimov, Malika Ashurova, Nazokat Rahmonova, Mehriniso Navro‘zova, Jasur To‘raqulov, Shohruh Suvonov o‘quvchilarning bilimlari va amaliy ko‘nikmalarini oshirib, yuqori natijalarga erishishlarini ta`minlayapti. Buning uchun maktab ma`muriyati o‘qituvchilarga talabchqan, xushmuomalali, ustoz-shogird an`analari asosida munosabatda bo‘lmoqda. Ular bilan rejali tadbirlarni o‘tkazayapti. Ulug‘ alloma Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050 yilligiga bag‘ishlangan davra suhbatida bilimlarini yanada oshirdi. Ko‘rkam va saranjom-sarishta ta`lim muassasasida ishlash va  ta`lim-tarbiya o‘rganish maroqli. Bunu ustozlar va o‘quvchilar vujudi va dili bilan his etib mashg‘ulotlarda qatnashayapti.

N. MUHAMMADIYEV