Vasiyatnoma bo‘lmaganida qonun bo‘yicha vorislik asosida meros taqsimlanadi

Meros qoldiruvchining bolalari, eri (xotini) va ota-onasi (farzandlikka oluvchilar) teng ulushlarda qonun bo‘yicha birinchi navbatdagi vorislik huquqiga ega. Meros qoldiruvchining tug‘ishgan hamda ona (ota) bir, ota (ona) boshqa aka-ukalari va opa-singillari, shuningdek uning ham ota, ham ona tarafdan bobosi va buvisi teng ulushlarda qonun bo‘yicha ikkinchi navbatdagi vorislik huquqiga ega. Meros qoldiruvchining tug‘ishgan amakisi, tog‘asi, ammasi va xolasi teng ulushlarda qonun bo‘yicha uchinchi navbatdagi vorislik huquqiga ega.

Qonun bo‘yicha merosxo‘r meros ochilgunga qadar o‘lsa, unga tegishli ulush uning avlodlariga o‘tadi. Meros qoldiruvchining vafotiga qadar kamida bir yil uning qaramog‘ida bo‘lgan va u bilan birgalikda yashagan mehnatga qobiliyatsiz shaxslar qonun bo‘yicha merosxo‘rlar jumlasiga kiradi.

Meros qoldiruvchining voyaga yetmagan yoki mehnatga qobiliyatsiz bolalari, shu jumladan farzandlikka olgan bolalari, shuningdek mehnatga qobiliyatsiz eri (xotini) va ota-onasi, shu jumladan uni farzandlikka olganlar, vasiyatnomaning mazmunidan qat’iy nazar qonun bo‘yicha voris bo‘lganlarida ulardan har biriga tegishi lozim bo‘lgan ulushning kamida yarmini (majburiy ulush) meros qilib oladilar. Meros ochilgan joydagi notarius merosxo‘rning  iltimosiga ko‘ra unga merosga bo‘lgan huquqi to‘g‘risida guvohnoma berishi shart. Merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risidagi guvohnoma meros ochilgan kundan 6 oy o‘tganidan keyin beriladi. Merosxo‘r meros ochilgan kundan e’tiboran istalgan vaqtda merosdan voz kechishga haqli. Meros vorislar o‘rtasida taqsimlanishidan oldin meros qoldiruvchining zarur xarajatlari, dafn etish xarajatlari, merosni egallash bilan bog‘liq harajatlar qoplanishi kerak.

      A.               ISMAILOV,

     Surxondaryo viloyat adliya boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i