Insonlarning tashqi muhitga munosabati rivojlanishga olib keladi. Kimdir yashayotgan mahallasining obod bo‘lishini, ko‘chalari asfaltlanishini, elektr tarmoqlarining sifatli ishlashini, ichimlik suvi va suyultirilgan gaz bilan ta`minlanishini xohlaydi. Hal qilish yo‘llari haqida o‘ylaydi. Boshqasi maktabning ta`mirlanishini, sun`iy qoplamali futbol maydoni qurilishini, artesian (quduq) o‘rnatilishini orzu qiladi.
Ezgu niyatlari amalga oshsa yashayotgan makoni farovonlashib, turmush kechirishi yaxshilanadi. Barcha ishlarning rivoji moddiy harajatlar qilishga olib keladi. Davlatimiz tomonidan fuqarolarning xohish-istaklarini inobatga olishga e`tibor qaratilayotganligi orzularning ro‘yobga chiqishiga imkoniyat yaratdi. Bunda “Ochiq byudjet” bo‘yicha tashabbuslar qabul qilinayotganligi, ko‘p ovoz to‘plagan takliflar asosida mablag‘lar ajratilayotganligi fuqarolarning ishonchini oshirdi. Tumanimizda “Ochiq byudjet” loihasi bo‘yicha ko‘p ovoz to‘planib, g‘olib chiqqan takliflar amalga oshdi. Jaloir, Ulug‘bek mahallalarida yo‘llar asfaltlandi. 33-maktabda sun`iy qoplamali futbol maydoni qurildi. Qumqo‘rg‘on tuman tibbiyot birlashmasi Qo‘shma jarrohlik bo‘limida bino qayta ta`mirlanayapti. Bunday misolarni davom ettirish mumkin.
Hozir O‘zbekiston Respublikasi “Ochiq byudjet” Portali 2023 yil birinchi bosqicn uchun tashabbuslarni qabul qilayapti. 6 fevraldan 26 fevralga qadar 20 kun mobaynida o‘zlari xohlagan ish amalga oshishi uchun takliflarni berishi mumkin. Tashabbus ko‘rsatish vaqti o‘tgach, 26 fevraldan 18 martgacha takliflar ko‘rib chiqiladi. 18 martdan tashabbuslar bo‘yicha ovoz berish boshlanib, 20 kun davom etishi belgilangan. Bu jarayonda har bir uyali telefon raqamidan bitta ovoz berish imkoni mavjud. Tashabbusga ovoz berish jarayonida fuqaroning telefon raqami yozilib, jo‘natiladi. Shu telefonga kelgan SMS raqamlar belgilangan vaqt ichida zudlik bilan ovoz berayotgan uyali telefon yoki kompyuterga yozilib, yana jo‘natiladi. Shundan so‘ng ovoz inobatga olinadi. Ko‘p fuqarolarning ovozlarini to‘plagan tashabbuslar g‘olib chiqadi. Davlat tomonidan moliyalashtirilib, bunyodkorlik ishlari bajariladi.
“Ochiq byudjet” – bu sizning tanlovingiz. Sizning orzu-umidlaringiz, tashabbuslaringiz amalga oshadigan tadbir. Bunda fuqarolarning tashabbuskorligi, kompyuter savodxonligi, mobil telefonlar yordamida ovoz berishni o‘rganishi ham asosiy ahamiyat kasb etayapti. Tumanimizda tashabbuslar ko‘p inobatga olinsa, bunyodkorlik ishlari amalga oshsa umumiy rivojlanishga erishiladi. Sog‘lom fikr sog‘lom muhitning garovi bo‘lib, “Ochiq byudjet” tanlovida fuqarolarning faol ishtirok etishi tashabbuslarning ro‘yobga chiqishini unutmang.
N. MUHAMMADIYEV,
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a`zosi