Bu dunyo sinov dunyosi, unda hamma narsa mehnat, mashaqqatga bog‘liq. Kim mehnat qilsa, rohat ko‘radi. Kim dangasalikka o‘rganib, muntazam ravishda rohatga mayl qilsa, rohatdan mahrum bo‘ladi yoki unga aslo erisholmaydi. Shuning uchun ham donolar: “Agar charchashni xohlamasang, charchagin!”,-deyishgan. Ya’ni “Mashaqqatlardan qutulib, rohatga erishmoqchi bo‘lsang, avval mashaqqat bilan mehnat qil, undan keyin chekkan mashaqqatlaring evaziga umr bo‘yi rohatda yashaysan”-deganidir. Yana debdilarki, “Dangasalik va jizzakilikdan ehtiyot bo‘l. Zero, dangasa bo‘lsang, haqni ado qilolmaysan. Bordi-yu jizzakilik qilsang, haqqa sabr qilolmaysan” ya’ni erinchoq, dangasa odam zimmasidagi vazifalarni mukammal ado qilolmaydi. Tumanimizda o‘zlarining halol mehnatlari orqali pul topib ro‘zg‘orini tebratayotgan qahramonlarimizning faoliyati bilan tanishtirmoqchimiz.
Barchamiz kundalik yumushlarimiz davomida poyabzalimizni ta’mirlatishga ehtiyoj sezamiz. Tumandoshimiz Lolayev Muhiddin bu borada bizning mushkulimizni oson qilib kelmoqda. Muhiddin bilan suhbat jarayonida qo‘l mehnati ortidan kunlik 80000-100000 so‘m daromad topishini aytdi. Bir oyga hisoblaydigan bo‘lsak 2-2,5 million so‘m mablag‘ bo‘ladi.
Mehnatning aybi yo‘q deb bejizga aytishmaydi. “E’zozaxon” kelin liboslari salonida mehnat qilayotgan Jalilova Qunduz ayollarimizning go‘zal, orasta bo‘lishida o‘z hissasini qo‘shmoqda. Kelinlarning pardozi, ayollarga kunlik ko‘rsatiladigan xizmatlardan bir kunda 500000 ming so‘mdan -1.5 million so‘mgacha daromad topishi mumkin ekan. Albatta bu mehnat o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi. Tik oyoqda, mijozlar bilan muloqot jarayoni, barchaning ko‘nglidan joy olish katta mas’uliyat talab etadi.
Dasturxonlarimizda issiqqina shirmoy nonlarning bo`lishida nonvoychilarning mehnatlari bisyor. Nonvoy Fayzullayev Botir issiq tandirga non yopib shirmoy nonlarni pishirib sotmoqda. Bir kunda 50000-60000 so‘m daromad topadi.
Dangasalik, ishyoqmaslik barcha kulfatlarning boshidir. Kambag‘allik ayb emas, ammo, u yalqovlik sababidan kelgan bo‘lsa, katta aybdir. Barchamiz birovga qaram bo‘lmasdan o‘zimiz mehnat qilib topsak barakasi bo‘ladi. Doim harakatdan to‘xtamaylik.
Rayhon Mengziyayeva,
N. Muhammadiyev