Kasaba uyushmalarida tajriba almashildi

Tumanimiz hududida Surxondaryo viloyati suv omborlaridan foydalanish boshqarmasi binosida O‘zbekiston agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi tomonidan o‘quv-seminari o‘tkazildi.

 Tadbir O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining VIII quriltoyida qabul qilingan 2021-2025 yillarga mo‘ljallangan Strategik yo‘nalishlarda belgilangan vazifalarning 2021-2022 yillardagi ijrosi yuzasidan Surxondaryo viloyati agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi tuman, shahar kengashlari va tarmoq tizimidagi boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlarida amalga oshirilgan va kelgusidagi vazifalariga bag‘ishlandi. Ko‘rgazmali vositalar namoyish qilindi.

O‘zbekiston agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining Surxondaryo viloyati bo‘yicha mas`ul tashkilotchisi Xoliyor Odinayev o‘quv-seminarini boshqardi. Surxondaryo viloyati suv omborlaridan foydalanish boshqarmasi kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi Chori Abdurahmonov ko‘rgazmali vositalar asosida boshlang‘ich kasaba uyushmasi qo‘mitasi faoliyati haqida ma`ruza qildi. Ma`lumki, Surxondaryo viloyati suv omborlaridan foydalanish boshqarmasida kasaba uyushmasi faoliyati namunali tashkil etilgan. Mehnat muhofazasi va xavfsizligi bo‘yicha jamoatchilik nazoratini tashkil etish yuzasidan viloyat bosqichida 2019 yilda “Eng yaxshi tashkilotchi” va 2022 yilda “Eng yaxshi korxona” nominatsiyasi bo‘yicha faxrli birinchi o‘rinni egallab, diplomlar bilan taqdirlandi. Ma`ruzachi Ch. Abdurahmonov  boshlang‘ich kasaba uyushmalarida jamoat shartnomasi, ichki mehnat tartib qoidalari, kasaba uyushmasi – mehnat jamoasi vakili bilan ish beruvchi o‘rtasida tarmoq kelishuvi, yong‘in xavfsizligi, texnika xavfsizligi bo‘yicha yo‘riqnomalar, kasaba uyushmasi qo‘mitasi axborot burchagi kabi zarur hujjatlarni yuritish tajribasini o‘rgatdi. Surxondaryo viloyati suv omborlaridan foydalanish boshqarmasi boshlig‘i Ilhom Xolboyev kasaba uyushmasi a`zolariga yaratilgan sharoitlar, ular qo‘llab-quvvatlanayotganligi haqida gapirdi. O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Surxondaryo viloyat kengashi Mehnat huquqi inspektori Zarif Xolov ma`ruzasida tuman (shahar) kengashlari tomonidan murojaatlarni ko‘rib chiqish, kelib tushgan murojaatlar hujjatlarini to‘g‘ri rasmiylashtirish hamda yangi “Mehnat kodeksi”ning targ‘iboti mavzusida gapirdi. O‘quv-seminarda Agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi qo‘mitasi Qumqo‘rg‘on tuman bo‘limi boshlig‘i Baxtiyor Mengliboyev qatnashib, taassurotlarini baham ko‘rdi. Viloyatimizning shahar va tumanlaridan kelgan kasaba uyushmasi qo‘mitasi bo‘lim bo‘shliqlari fikr-mulohazalari, savollarini aytib, javoblarni tingladi.

                                                                                        N. MUHAMMADIYEV