SHE`RIYAT DAFTARIDAN

Ne`matulla Qurbonov taniqli jurnalist.U kishi mehnat faoliyatini 1969 yilda viloyat gazetasida boshlagan. O‘shandan boshlab ustozimiz respublika, viloyat gazetalarida chop etilgan ocherk, fel`eton, hikoyalari bilan elga tanildi. N. Qurbonov tumanimiz gazetasiga 25 yil muharrir bo‘ldi.

Bugun ustozimiz 76 yoshga to‘ldilar. Biz u kishini tugilgan kunlari bilan muborakbod etib uzoq umr, foydali keksalik gashtini surib yurishlarini tilab qolamiz va uztozning she`riy ijodi namunalaridan biri guldastani sizlarning e`tiborlaringizga havola qilamiz.

     EY AG‘YOR

Turnalar soldilar osmonga zanjir,

Bog‘lardan terdilar qizlaroy anjir,

Men esa mahzunman dilginam ranjir

Va`dani berding-u kelmading ne sir…

                         Turnalar osmonni o‘pib uchmoqda,

                         Bulutlar ularni topib quchmoqda,

                         Muhabbat dildagi yashin-chaqmoqda,

                         Barglar xazon bo‘lib olam yonmoqda.

Ey ag‘yor, bag‘rimdan tutunlar o‘rlar,

Dunyoda buncha ko‘p bevafo yorlar.

Falakda quyosh-ku suzib yuribdi,

Ul qaro tunlarda oy ham turibdi,

                         Muhabbat qulini xudo uribdi,

                         Bevafo hajridin yig‘lab yuribdi,

                         Ey ag‘yor, bag‘rimda tutunlar o‘rlar,

                         Dunyoda buncha ko‘p bevafo yorlar.

SENI ESLAYMAN

Ey mahzunim, oltinim, titrayotgan kuz,

Qo‘rqmagin, eng so‘nggi yaproqlaring uz.

Bulbulning afg‘oni eshitilmaydi,

Bog‘lar shamolidan ufuradi muz.

Garchi sovuqlarga chidayman alhol

Yorim seni eslab bo‘laman behol.

Olam yorishardi kulishing bilan,

Gullar xanda qilar yurishing bilan.

Men esa izingdan ohlar chekardim

Boysun tog‘laridek ulkandir dardim.

Go‘zal xotiralar, ohu-nolalar,

Ko‘z bilan so‘zlashuv, nozu-poralar.

Barisi-barisi orqada qoldi,

Ishq dardi hamisha jonimni oldi.

Ey falak, yurakni ishqqa to‘ldirgan,

Bo‘lmasa, bo‘lmasa mayli o‘ldirgan.

          GULXAYRI

Gulxayri ochibsan go‘zal shodalar,

Qadahda yomg‘irdan go‘yo bodalar.

Gullarni oralab yotar so‘qmoq yo‘l

To‘rg‘aylar mast bo‘lib sayrarlar mahzul.

                         Go‘zal tabiatga suqlanib boqib,

                         Buloq suvlariday jimgina oqib

                         O‘jar xayollarim seni eslaydi

                         Farishta, farishta meni sevsaydi!

Ey dilbar, bilaman oshiqlaring ko‘p,

Xudoyim baxt berib peshonamdan o‘p.

Ul pari qalbidan bir darcha ochay,

Misli gulxayridek atirlar sochay.

                         Gulxayri ranglaring nozikdir, ko‘pdir.

                         Kel jonim, menga bir kosangdan o‘pdir.

                         Ufqlar imlaydi qizil rang cho‘g‘dir

                         Men sevgan farishta dunyoda yo‘qdir.

OZARBAYJON GO‘ZALI

“Ismingiz nimadir?” dedi  “Shohida”

“Uchrashib turaylik gohi-gohida”.

Jilmaydi: “Ozar qizidurman joyim Bokuda –

Bir shodmon bulbulman gulning chokida.

                         Eh, dengiz mavjlanar mening poyimda,

                         Qamar ham raqs etar mening ko‘yimda.

                         Ozar yigitlarin rashklari yomon

                         Borsangiz ko‘rasiz bizlarga tomon.”

Men dedim: Ey gulim bunchalar shirin

Kaloming ichinda hislar yashirin.

Termiz quyoshidek yuragim yondi,

Bokyga borgumdir desinlar andi.

                         Sen uchun rashklardan qo‘rqmaymay chunon

                         Jismim va yuragim sen bilan inon.

                         Kaspiy ummonidan o‘tgumdir uchib

                               Ozar go‘zalining ko‘nglini quchib.