Mustaqillik yillarida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar va xalqimiz erishgan ulkan yutuqlarga yana bir bor nazar tashlar ekanmiz, mazkur yutuqlarning fundamental asosi va huquqiy negizini Asosiy Qomusimiz tashkil etishini ko‘rish mumkin. Inson hayotda baxtli yashash uchun intiladi.
Bunga esa adolat va qonun ustuvor jamiyatdagina erishish mumkin. Har bir fuqaroni hayotdan rozi qilish yo‘lidagi islohotlardan ko‘zlangan maqsad ham aslida shu. Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi farovon hayotning mustahkam poydevori bo‘lib xizmat qilmoqda. Yurtimiz bo‘ylab Konstitutsiya qabul qilinganligining 30 yillik bayrami keng nishonlanmoqda.
Tumanimizdagi 5-maktabda “Konstitutsiya baxtimiz qomusi” shiori ostida 4 “G” sinf o‘quvchilari ishtirokida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
– Shu kunga qadar mamlakatimizdagi tub islohot va o‘zgarishlarning barchasi Konstitutsiyamiz asosida amalga oshirilmoqda. Bu esa uning haqiqatan ham xalqimiz manfaatlariga, davlatimizning strategik maqsadlariga to‘la javob beradigan, har tomonlama puxta ishlangan muhim siyosiy hujjat ekanidan dalolat beradi, – deydi 5-maktab direktori Z.Beknazarova.
Tadbirlarda Bosh Qomusimizning qabul qilinishi tarixi, Konstitutsiyaning moddalari mazmun-mohiyati o‘qituvchi va o‘quvchilar tomonidan sahna ko‘rinishlari tarzida keng yoritib berildi. Iste’dodli yoshlar tomonidan kuy-qo‘shiqlar va raqslar ijro etildi.
Mavjuda Abdiyeva,
5-maktabning o‘qituvchisi