Qumqo‘rg‘onda 18 ming aholiga xizmat ko‘rsatuvchi poliklinika binosi foydalanishga topshirildi

Qumqo‘rg‘on tumani “Yangiyer” mahallasida qaytadan mukammal ta’mirlanib, zamonaviy maskanga aylantirilgan 101-sonli oilaviy poliklinika binosining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat hokimi To‘ra Bobolov ishtirok etib, hudud ahlini ushbu maskan ochilishi bilan qutladi.

Mazkur poliklinika binosi 1975 yilda qurilgan bo‘lib, bino tuman shifoxonasining bolalar bo‘limi, tug‘ruqxona va 200 qatnovga mo‘ljallangan poliklinika sifatida faoliyat olib borgan. Poliklinika binosi ta’mirtalab bo‘lganligi sababli joriy yilda “Obod qishloq” dasturiga kiritilib, 3,5 mlrd so‘m mablag‘ evaziga “Stroy montaj invest” MChJ tomonidan to‘liq rekonstruksiya qilindi va zamonaviy jihozlandi.

Endilikda yangidan ta’mirlangan ushbu binoda 100 qatnovga mo‘ljallangan 1 ta oilaviy poliklinika, 10 o‘rinli bolalar bo‘limi, 10 o‘rinli perinatal bo‘lim hamda tuman tez tibbiy yordam xizmatining “S. Boymatov” filiali faoliyat olib boradi.

Tantanali tadbirda tuman tez tibbiy yordam xizmatining filiali uchun zamonaviy tibbiyot vositalari va anjomlari bilan jihozlangan «Hyundai» rusumli tez tibbiy yordam avtomobili ham muassasa ixtiyoriga topshirildi.

Yangi binoda ish boshlagan 101-sonli oilaviy poliklinika va uning tarkibidagi bo‘limlarda 11 nafar shifokor, 78 nafar o‘rta va 26 nafar kichik tibbiyot xodimlaridan iborat jami 115 kishilik jamoa tumanning 4 ta – “Yangiyer”, “Mustaqillik”, “Bo‘ston” va “Guliston” mahallalaridagi 18 ming aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatadi.