“Arpapoya” hamda “Bobotog‘” mahallasi aholisi uchun katta bayram tantanasi tuhfasi bo‘ldi. Sababi, Bosh qomusimiz qabul qilinganligining 30 yilligi arafasida bugun ushbu mahallalarda yangi 28-, 29-son Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari foydalanishga topshirildi.
Bu esa shu yerda yashovchi aholining og‘irini yengil, uzog‘ini yaqin qilgani bor gap. Davlat dasturi asosida qad ko‘targan ushbu maskan endilikda 300 nafar bog‘cha tarbiyalanuvchilarini o‘z bag‘riga olmoqda.
Tadbirda tuman sektor rahbarlari, soha xodimlari, mahalla oqsoqollari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbirning ochilish marosimida tuman hokimi A.Normamatov so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni bugungi shodiyona kun bilan muborakbod etdi hamda kelgusida tarbiyalanuvchilar Vataniga sidqidildan xizmat qiladigan o‘g‘il-qizlar bo‘lib yetishishlarini tiladi.
Ushbu maktabgacha ta`lim tashkilotida 4 ta guruh, ya`ni kichik, o‘rta hamda maktabga tayyorlov guruhlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ularda bolajonlar rus, ingliz tillarini ham o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘lishadi. Bundan tashqari sport to‘garaklari bolalarni yoshligidanoq har tomonlama barkamol bo‘lib voyaga yetishlariga xizmat qiladi.
Aytish mumkinki, ushbu muassasa mahalla ahli uchun bayramona tuhfa bo‘ldi.
Rayhon Mengziyayeva