O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 30 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Konstitutsiyasining 30 yilligi” esdalik nishonini ta’sis etish to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
Ushbu farmonga ko‘ra, esdalik nishoni bilan mamlakatimiz mustaqilligini mustahkamlash, uning iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy, ilmiy, ma’naviy salohiyatini yuksaltirish, mudofaa qudratini oshirish, davlatimiz sarhadlarining dahlsizligini ta’minlash, tinchlik va barqarorlikni, millatlararo do‘stlik va totuvlikni asrash, Yangi O‘zbekistonda demokratik islohotlarni chuqurlashtirish, inson huquqlari va erkinliklari, qadr-qimmati ulug‘lanadigan adolatli fuqarolik jamiyatini barpo etish, asosiy qonunimizning hayotimizdagi o‘rni va ahamiyatini keng targ‘ib qilish, yosh avlodni qonunga hurmat, Vatanga mehr va sadoqat ruhida tarbiyalash ishlariga munosib hissa qo‘shib kelayotgan barcha soha vakillari, mehnat fahriylari, harbiy hizmatchilar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar hodimlari hamda boshqa shaxslar taqdirlanishmoqda.
Tuman hokimligida “O‘zbekiston Konstitutsiyasining 30 yilligi” esdalik nishonlarini o‘z egalariga tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan tuman hokimi A. Normamatov va viloyat hokimining o‘rinbosari I.Saparov yig‘ilganlarni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 30 yillik ayyomi bilan qutladi. Xalqimiz istiqboli va Vatanimiz ravnaqi yo‘lidagi faoliyatlariga omadlar tilashdi.
Shundan so‘ng “O‘zbekiston Konstitutsiyasining 30 yilligi” esdalik nishonlari egalariga tantanali ravishda topshirildi.
Rayhon Mengziyayeva