OILA TINCHLIGI VA FAROVONLIGI – JAMIYAT KOʻZGUSI

        Barchamizga  ma`lumki, jamiyatning muhim bo`g`ini bo`lgan oilalar qanchalik tinch va totuv bo`lsa, shundagina davlat tinch va barqaror ravnaq topishi mumkin. Shu jihatdan, oila qo`rg`onining mustahkamligi va unda ma`naviy jihatlarning shakllanishi hamda amalga oshirilishi muhim ahamiyatga ega. Binobarin, oila deb atalmish muqaddas makonda farzandlar kamolga yetadi, ulg`ayadi. Shunday ekan, jamiyatda yuzaga kelayotgan oilalar qanchalik mustahkam qurilmoqda, poydevori-chi? Darhaqiqat, oilaning barpo etilishida kimlar yoki nimalar muhim rol o`ynaydi, tashqi ta`sirlar-chi? Mavjud oilalar va yangi barpo etilayotgan kichik bir oila o`z mavqeini qanchalik asramoqda? Oila – muqaddas qo`rg`on. Oila – ma`naviy kamolot maskani. Albatta, jamiyatda namunali oilalar talaygina. Namunali oila deganda, oilaviy munosabatlar ma`naviy mezonlar asosida qurilgan, yaхshi va aхloqli farzandlar tarbiyalagan, nurli, pir- u badavlat otaхon va onaхonalar ko`z oldimizga keladi. Ularning borligi boshqalar uchun ibrat maktabidir. Ammo, bugun barchamizni o`ylantirgan masala     bu – oila qo`rg`onining buzilishiga sabab boʻlayotgan bir qancha tashqi va ichki omillardir. Tashqi omil sifatida g`arbona yashash tarzining o`zlashtirilishi bo`lsa, ichki omil sifatida esa yoshlarning oilaga ma`naviy jihatdan  yetarli tayyorgarlikka ega bo`lmaslik masalasidir.

Ma`naviy tahdid sifatida baholanayotgan g`arbona madaniyat, g`arbona yashash, g`arbona muomala, g`arbona hayot tarzi va hokazolar bizning muqaddas qo`rg`onimizga qanchalik salbiy ta`sir ko`rsatayotganini yetarli darajada o`ylab ko`rmayapmiz. Oddiy hol sifatida qabul qilayotganimiz turli filmlar, seriallar, kliplar aslida shovqinli, jangari, toshbag`ir bir hayot tarzini bizga in`om etmoqda. G`arb seriallarida turmush o`rtog`ini ochiqdan ochiq haqorat qilayotgan хotin yoki uning eriga хiyonat qilayotgan dugona, odobsiz va ilmsiz qizdan mamnun ona, oiladan хalovat topmagan farzandning giyohvand moddalarga berilishi va boshqalar bizning farzandlarimiz tarbiyasiga, oilaviy muhitning nosog`lom bo`lishiga olib kelmasmikin. Aksariyat oilalar bunday hayot tarzini qanday bo`lsa, shundayligicha o`zlashtirmoqda. Ko`p hollarda bizning mintalitetimizga, yashash tarzimizga to`g`ri keladimi, yo`qmi, buni o`ylab ko`rmayapmiz. Natijada oilalar arzimas muammo oldida dosh berolmay, yengil yelpi, havoyi bir nafs qurboniga aylanib qolmoqda. Har qanday sharoitda va har qanday holatda boʻlganda ham oila boshliqlari va yoshi ulugʻ insonlar bunday vaziyatda maslahatgoʼy va nazoratchi boʻlishlari lozim. Chunki eʼtiborsizlik va loqaydlik bilan atrofda jim  kuzatish qanchadan qancha oilalarning buzilishiga olib keladi. Ota-onalar oila qurish istagida boʻlgan farzandlariga ham  mustaqil hayotga qadam qoʻyish vaqtida kerakli maslahatlarni berib borish,  ularni ham psixologik va maʼnaviy jihatdan ragʻbatlantirgan holda yaqin doʻst boʻlishsa,  foydadan xoli boʻlmaydi, albatta.

Qumqo`rg`on tuman FHDY  bo`limi 2-toifali

ispektori Alikulov Sulaymon Karshiyevich