Fuqarolar tibbiyot muassasalaridan tug‘ilganlik haqidagi tibbiy ma’lumotnomani olib, FHDY bo‘limlariga tug‘ilganlikni qayd ettirish uchun kelmasliklari natijasida qayd qilinmagan tug‘ilishlar soni yildan-yilga ortib bormoqda.
Mazkur holatlarni bartaraf etish maqsadida, Adliya vazirligi tomonidan Vazirlar Mahkamasining “Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish tartiblarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi ishlab chiqildi.
Loyihada quyidagilar nazarda tutilmoqda:
– tug‘ilganlikni tibbiyot muassasalari orqali FHDY bo‘limlarida qayd etish tartibi belgilanmoqda. Bunda tug‘ilganlik holati FHDY bo‘limlarida qayd qilinganligi haqida tibbiyot muassasalari tomonidan beriladigan QR-kodli ma’lumotnoma tug‘ilganlik haqidagi gerbli guvohnomaga tenglashtiriladi;
– nikoh tuzish va nikohdan ajratishni qayd etish uchun FHDY bo‘limiga ariza berish eksperiment tariqasida Davlat xizmatlari markazlari orqali joriy etiladi;
– nikohga kirish haqida ariza berilganda nikohlanuvchi shaxslarning yashash joyidagi mahalla fuqarolari yig‘inini xabardor qilish tartibi bekor qilinmoqda;
– nikohdan ajratish haqida ariza berilganda er-xotinni yarashtirish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rish uchun er-xotinning yashash joyidagi oila va xotin-qizlar bo‘limlariga elektron tizim orqali xabar berish tartibi joriy etiladi;
– fuqarolarning familiya, ism va ota ismini o‘zgartirishda tekshiruv o‘tkazish uchun ichki ishlar organiga axborot tizimi orqali so‘rovnoma yuborish va xulosa olish tartibi joriy etilmoqda.
Ushbu loyihaning qabul qilinishi tug‘ilganlik holatlarini o‘z vaqtida qayd qilishga, tug‘ilganlik, nikohni qayd etishda ortiqcha qog‘ozbozlik va byurokratik holatlarga barham berishga, hamda FHDY sohasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanishga xizmat qiladi.
Mazkur o‘zgarishlarni fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo‘limlarida qayd etish tartibi 2022 yil 1 sentabrdan Toshkent shahrida, 2023 yil 1 yanvardan esa butun respublika hududida joriy etiladi.
Tuman FHDY bo‘limi 2- toifali inspektori
Alikulov Sulaymon Karshievich