Mamlakatimizda diniy erkinlikni ta’minlash borasida bir qator ishlar olib borilmoqda. Jumladan, Termiz shahrida Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi qurib bitkazilib, o‘z faoliyatini boshladi. O‘zbekiston BMT Bosh Assambleyasining barcha uchun ta’lim olish imkoniyatini ta’minlash, vijdon, din erkinligi va e’tiqod qiluvchilarning boshqa huquqlarini himoya qilishga qaratilgan “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” nomli maxsus rezolyusiyasini qabul qilish tashabbusini ilgari surdi. Bu amaliy ishlar jahon hamjamiyati tomonidan ijobiy baholandi.
Diniy tashkilotlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda bir muncha yengilliklar berildi.
Shunga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi Qonunining 17-moddasiga asosan, mahalliy diniy tashkilotni ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi elektron murojaatga quyidagi hujjatlarning elektron ko‘chirma nusxalari ilova qilinadi:
mahalliy diniy tashkilotni o‘z tashabbusiga ko‘ra tuzayotgan, o‘n sakkiz yoshga to‘lgan, ellik nafardan kam bo‘lmagan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari imzolarini o‘z ichiga olgan hujjatning;
ta’sis yig‘ilishining mahalliy diniy tashkilotni tashkil etish, uning ustavini tasdiqlash va rahbar organlarini saylash to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan qarorining;
mahalliy diniy tashkilotning davlat tilidagi ustavining;
mahalliy diniy tashkilotni tashkil etish tashabbuskorlari to‘g‘risidagi va uning rahbar organi a’zolari haqidagi hujjatlarning;
mahalliy diniy tashkilotning rahbarida diniy professional ma’lumot mavjudligi to‘g‘risidagi hujjatning, bundan ta’limoti diniy professional ta’lim tizimini nazarda tutmaydigan konfessiyalar mustasno;
vakolatli organ xulosasining (Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita);
mahalliy diniy tashkilotning pochta manzili sifatida foydalanilishi mo‘ljallanayotgan ko‘chmas mulkning shaharsozlik normalari talablariga muvofiqligi to‘g‘risidagi xulosalar ilova qilingan holda mahalliy ijroiya hokimiyati organi (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari) xulosasi.
Surxondaryo viloyat adliya boshqarmasi
Nodavlat notijorat tashkilotlar
bo‘limi boshlig‘i H.Norqobilov