Qumqoʻrgʻon tumanining 2022-yilgi mahalliy budjetini tasdiqlash toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6, 24-moddalari, Budjet kodeksining 99-moddasi, “2022-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq hamda Surxondaryo viloyati Moliya Bosh boshqarmasining 2021-yil 30-dekabrdagi 22-04-10/6392-sonli xatini inobatga olib, Xalq deputatlari Qumqoʻrgʻon tumani Kengashi

QAROR QILADI:

  1. Oʻzbekiston Respublikasining “2022-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi Qonuni ijro va rahbarlik uchun qabul qilinsin.
  2. Oʻzbekiston Respublikasining “2022-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida” 2021-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-742-son Qonuniga muvofiq, Qumqoʻrgʻon tumani mahalliy budjetining 2022-yil uchun daromadlari 102 422 498 ming.soʻm, xarajatlari 211 601 097ming.soʻm prognoz qilinganligi hamda respublika budjetidan ajratiladigan tartibga soluvchi budjetlararo transfertlar 109 178 599 ming.soʻm miqdorida tasdiqlanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
  3. 2022-yil uchun tuman mahalliy budjeti daromadlari prognozi 1-ilovaga muvofiq maʼlumot uchun qabul qilinsin.
  4. 2022-yil uchun Qumqoʻrgʻon tumani budjetining xarajatlar prognoz koʻrsatkichlari 2-ilovaga muvofiq, 2022-yil uchun tuman budjetidan budjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga ajratiladigan mablagʻlarning cheklangan miqdorlari 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
  5. 2022-yil uchun tumanbudjetiga umumdavlat soliqlaridan ajratmalar meʼyori 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Bunda, ajratmalar normativlari boʻyicha viloyat mahalliy budjeti bilan tuman va shaharlar mahalliy budjetlarining taqsimotini oʻrnatilgan tartibda viloyat Surxondaryo viloyati boʻyicha Gʻaznachilik boshqarmasi tomonidan amalga oshirilishi belgilab qoʻyilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

  1. 2022-yil uchun tuman mahalliy budjetining daromadlari va xarajatlarining prognozi 5-ilovaga muvofiq maʼlumot uchun qabul qilinsin.
  2. 2022-yil uchun viloyat budjetidan tuman mahalliy budjetiga ajratiladigan tartibga soluvchi budjetlararo transfertlar miqdorlari 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Bunda, tartibga soluvchi budjetlararo transfertlar miqdorini tuman va shahar mahalliy budjetlari daromadlari prognozi ijrosidan qatʼiy nazar kamaytirishga yoʻl qoʻyilmasligi Qonunda belgilab qoʻyilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

  1. 2022-yil uchun tuman budjeti zaxira jamgʻarmasi hajmlari 1 995 296 ming. soʻm miqdorida belgilansin.

Surxondaryo viloyati viloyat budjetining, tumanlar va shaharlar budjetlarini ijro etishda yuqori turuvchi budjetdan ularga ajratiladigan budjetlararo transfertlarning prognozidan oshgan qismi uchun tegishli budjetlarining zaxira jamgʻarmalar miqdorlariga aniqlashtirish kiritilmasligi belgilab qoʻyilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

  1. 2022-yil uchun tuman budjeti shaxsiy gʻazna hisobvaraqlarida turgan budjet mablagʻlarining yoʻl qoʻyiladigan eng kam miqdori 7-ilovaga muvofiq belgilansin.
  2. Oʻzbekiston Respublikasining mazkur Qonuni bilan 2022-yilda xalq deputatlari Kengashlarini mahalliy budjetlarni boshqarishda, xususan mahalliy budjet xarajatlarini hududiy budjet mablagʻlari taqsimlovchilar kesimida tasdiqlash va ularning Kengash oldidagi hisobdorligini belgilash boʻyicha vakolatlari kengaytirilganligi inobatga olinsin.

Shuningdek, 2022-yilda quyidagi soliq turlari:

  1. a) tuman budjetiga toʻliq hajmda oʻtkaziladi:

jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk soligʻi;

jismoniy shaxslardan olinadigan yer soligʻi;

yakka tartibdagi tadbirkorlar toʻlaydigan qatʼiy belgilangan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi;

aylanmadan olinadigan soliq;

Mobil aloqa xizmatlari uchun aksiz soligʻi va alkogol maxsulotlari,tamaki mahsulotlari aksiz soligʻi, shu jumladan pivo uchun aksiz soligʻidan tushumlar 2021-yil 1-iyul holatiga koʻra tuman aholisining viloyat aholisidagi ulushiga muvofiq taqsimlanadi.

Davlat mulkini foydalanishga (ijaraga) berishdan tushumlar

  1. b) viloyatning viloyat mahalliy budjetiga toʻliq hajmda oʻtkaziladi:

foyda soligʻi (Oʻzbekitson Respubilkasi Prezidenti qarori bilan tasdiqlanadigan roʻyhatga muvofiq yirik soliq toʻlovchilar, Oʻzbekiston Respublikasida doimiy faoliyat olib boruvchi muassasa orqali faoliyat yurituvchi Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlari tomonidan, shuningdek norezidenlarning toʻlov manbaida ushlab qolinadigan daromadlaridan toʻlanadigan foyda soligʻidan tashqari).

elektr stansiyalari tomonidan toʻlanadigan suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq;

qonunchilikda belgilangan miqdorlardagi davlat bojlari (patent bojlaridan va litsenziyalar berganlik uchun davlat bojlaridan tashqari);

qonunchilikda belgilangan miqdorlarda Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjetiga undiriladigan jarimalar;

qonunchilikda belgilangan miqdorlarda davlat daromadiga oʻtkazilgan mol-mulkni realizatsiya qilishdan tushgan tushumlar, mahalliy davlat hokimiyati organlarining ulushi boʻyicha dividendlar (daromadlar) va ajratmalar;

boshqa tushumlar

  1. v) viloyat budjeti hamda tuman budjetlari oʻrtasida taqsimlanadi:

jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi hamda tegishli mol-mulkni ijaraga berishdan oladigan yillik daromadi toʻgʻrisidagi deklaratsiyaga asosan toʻlaydigan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi;

yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq;

yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻi;

benzinni, dizel yoqilgʻisini va gazni yakuniy isteʼmolchilarga realizatsiya qilishdagi aksiz soligʻi;

suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq, bundan elektr stansiyalari tomonidan toʻlanadigan soliq mustasno;

qurilish materiallari boʻyicha yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliq

ayrim turdagi tovarlarning chakana savdosiga doir huquq uchun yigʻimlar;

qonunchilikda belgilangan miqdorlarda Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjetiga undiriladigan boshqa yigʻimlar (bojxona organlari tomonidan undiriladigan yigʻimlardan, gʻildirakli transport vositalari, oʻziyurar mashinalar va ularning tirkamalari uchun undiriladigan utilizatsiya yigʻimidan, shuningdek avtotransport vositalari oynalarining tusini oʻzgartirishga (qoraytirishga) ruxsatnoma berish uchun toʻlovdan tashqari);

davlat aktivlarini sotishdan qonunchilikda belgilangan normativlar boʻyicha olingan daromadlar;

(xar bir soliq turi boʻyicha ajratmalar normativi koʻrsatiladi)

  1. Tuman hokimining birinchi oʻrinbosari M.Qultaev, Moliya boʻlimimudiri Sh.Poyanov va masʼul tashkilotlar bilan birgalikda:

Tuman budjetini birinchi navbatda ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlar, oziq-ovqat va dori-darmon va kommunal xizmatlar xarajatlarining rejalashtirilishini nazarda tutgan holda shakllantirish;

mahalliy budjetiprognoz koʻrsatkichlarni oʻz vaqtida va samarali bajarish;.

budjet mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanish;

budjet intizomiga rioya etilishi ustidan nazorat va masʼuliyatni yanada kuchaytirish;

tegishli mahalliy budjetlarga soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarning toʻliq tushumini taʼminlash;

budjet daromadlar bazasini oshirish va qoʻshimcha rezervlarni aniqlash zarurligiga alohida eʼtibor qaratsin.

  1. Tuman davlat soliq inspeksiyasi (Z.Tursunov) Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksida belgilangan vakolatlaridan kelib chiqib:

soliqlarning toʻliq va toʻgʻri hisoblanishini hamda ushbu soliqlarni oʻz vaqtida budjetga undirilishi ustidan soliq nazoratini kuchaytirish;

yer soligʻi, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq va mol-mulk soliqlari boʻyicha doimiy tahlililar oʻtkazgan holda, soliqlarni toʻliq hisoblanishini taʼminlash hamda ushbu soliq toʻlovlari boʻyicha soliq qarzdorligiga yoʻl qoʻymaslik choralarini koʻrish;

aylanmadan soliq turi boʻyicha soliq toʻlovchilar tomonidan naqd pul aylanmalarining soliq hisobotlarida toʻliq aks ettirilishi ustidan doimiy soliq nazoratini oʻrnatish hamda zarur hollarda xronometraj va kameral soliq nazorati tadbirlarini oʻtkazish;

Bunda, mazkur yoʻnalishda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadida fuqarolarga xarid chekini talab qilib olishni targʻib etuvchi ijtimoiy roliklar hamda video materiallar tayyorlab, ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalarida keng targʻibot-tashviqot ishlarini olib borishga alohida eʼtibor qaratsinlar.

xatlov ishlarini samarali tashkil etish orqali yer va mol-mulk soligʻining soliq bazasini oshirishvazifasi yuklatilsin.

  1. Kengashining Mahalliy budjetni shakllantirish va ijro etish, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari doimiy komissiyasi:

mahalliy budjetning qoʻshimcha manbalaridan foydalanish toʻgʻrisidagi hokimlik tomonidan taqdim etilgan takliflari asosida budjet qonunchiligiga toʻliq rioya etilgan holda Kengash qaror loyihasini ishlab chiqilishiga;

Kengash qarori asosida mahalliy budjetning qoʻshimcha manbalari hisobidan ajratilgan mablagʻlarni samarali va maqsadli foydalanishi ustidan nazorat oʻrnatishga va natijalari boʻyicha tavsiyalar berishga monitoring qilishga;

mahalliy budjet xarajatlarining qonunchilikda belgilangan qismining jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga yoʻnaltirilishida ishtirok etadi va ushbu mablagʻlarning maqsadli sarflanishi ustidan nazoratni amalga oshirishga masʼul etib belgilansin.

  1. Tuman hokimining birinchi oʻrinbosari M.Qultaev, Moliya boʻlimi mudiri Sh.Poyanov:

Tuman budjeti jami xarajatlarining 5 foizi hamda shakllangan qoʻshimcha mablagʻlarining kamida 30 foizini jamoatchilik fikri asosida shakllantiriladigan tadbirlarni moliyalashtirish uchun “Fuqarolar tashabbusi jamgʻarmasi”ga yoʻnaltirsin.

Bunda, tuman xalq deputatlari, Yoshlar ishlar agentligi, tuman  hokimligi huzuridagi Jamoatchilik kengashlari hamda yangi joriy etilgan hokim yordamchilari budjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini taʼminlash maqsadida aholiga keng targʻibot-tashviqot ishlarini olib borishga masul etib belgilansin;

mahalliy budjetning qoʻshimcha manbalari hisobidan xarid qilingan tovarlar va xizmatlar, qurilish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash ishlari olib borilayotgan obyektlar roʻyxati, shuningdek qurilish-taʼmirlash ishlarining moliyalashtirilishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar har chorak yakunlariga koʻra, keyingi chorak birinchi oyining 10 sanasiga qadar majburiy tartibda hokimlik rasmiy veb-saytlariga joylashtirib borilsin.

  1. Tuman hokimining birinchi oʻrinbosari M.Qultayev, xalq deputatlari tuman Kengashi kotibiyati, tuman hokimligi, tegishli tashkilot boshliqlari:

mahalliy budjet daromad va xarajatlarining prognoz koʻrsatkichlari bajarilishi hamda soliq bazasini kengaytirish yuzasidan koʻrilgan chora-tadbirlar;

ajratilgan budjet mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanishi yuzasidan erishilgan natijalar boʻyicha Kengashga bir chorakda kamida bir marotaba hisobot kiritib borsin.

  1. Tuman hokimligi Qonunda belgilangan ayrim soliqlar va toʻlov stavkalari, soliq solish tartiblari hamda boshqa maʼlumotlarni ommaviy axborot vositalarida yoritilishini taʼminlasin.
  2. Mazkur qaror “Qumqoʻrgʻon sadosi” gazetasida rasmiy eʼlon qilinsin hamda tuman hokimligining rasmiy veb-saytiga joylashtirilsin.
  3. Ushbu qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.
  4. Mazkur qaror bajarilishini nazorat qilish xalq deputatlari Kengashining Mahalliy budjetni shakllantirish va ijro etish, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari doimiy komissiyasi va tuman hokimligi zimmasiga yuklatilsin.

Kengash raisi                                                      R.Gapparov