Korrupsiyaga qarshi vaksina bu xalollik

O‘zbekiston korrupsiya bo‘yicha xalqaro reytingda 180 davlat orasida    2020-yilda 146-o‘rinni egallagan.

“Transparenci International” korrupsiyaga qarshi kurashish xalqaro nodavlat tashkiloti Korrupsiyani qabul qilish indeksining reytingiga ko‘ra, O‘zbekiston reytingda o‘z o‘rnini 7 pog‘onaga o‘zgartirib, 180 davlat orasida 146-o‘rinni egallagan. (2019 yilda 153-o‘rin).

Korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik choralari keskin kuchaytirilmoqda

O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik choralarini kuchaytirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritildi.

▪Jinoyat kodeksi loyihasida “korrupsiyaga oid jinoyatlar” tushunchasiga aniq ta’rif berilmoqda va 15 turdagi jinoyatlar bu toifaga kiritilmoqda.

Muhim o‘zgarish sifatida korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun jazo choralari keskin kuchaytirilmoqda.

Endilikda, o‘zlashtirish yoki rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilish yoki firibgarlik jinoyatlarini mansab mavqeini suiiste’mol qilish yoki xizmat mavqeidan foydalanib sodir etish qilmishlari uchun 10 yilgacha (ilgari 5 yilgacha) ozodlikdan mahrum qilish jazosi kiritilmoqda.

Shuningdek, pora olish, pora berish va pora olish-berishda vositachilik qilish jiyanotlari uchun 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanmoqda.

Eng asosiysi, poraxo‘rlik jinoyatlarini sodir etgan shaxslar jazoni o‘tash muddatidan ilgari shartli ozod qilinmasligi va jazo yengilrog‘i bilan almashtirilmasligi va boshqa qator dolzarb o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Joriy yilning 6-iyulida “Korrupsyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF– 6257 sonli  Prezident Farmoni qabul qilindi.

Farmoni bilan Jinoyat kodeksida korrupsiyaga oid jinoyatlar toifasiga kiruvchi moddalarning aniq ro‘yxatini belgilash, korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun belgilangan jazo choralarini uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish jazo chorasigacha keskin kuchaytirish hamda korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga nisbatan jinoiy jazoni o‘tashda yengillashtiruvchi normalar qo‘llanilishiga cheklovlar belgilashni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqish vazifasi qo‘yilgan edi.

Farmonga muvofiq, “Korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslarning ochiq elektron reestri” yuritiladi.

Reestrga kiritilgan shaxslarga quyidagilar taqiqlanadi:

-davlat xizmatiga qabul qilinishi va davlat mukofotlari bilan taqdirlanishi;

-saylanadigan va alohida tartibda tayinlanadigan lavozimlarga nomzodlarining ko‘rsatilishi;

-davlat organlari huzuridagi jamoatchilik kengashlari hamda idoralararo kollegial organlarning a’zoligiga kiritilishi;

-ularning tadbirkorligi davlat xaridlarida va davlat-xususiy sheriklik bitimida ishtirokchi (ijrochi) sifatida qatnashishi;

-davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan tashkilotlar hamda davlat ta’lim muassasalarida rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritishi

2022-yil 1-yanvardan davlat xizmatchilari, davlat ulushi

-50 foizdan yuqori tashkilotlar, davlat korxonalari va muassasalari rahbarlari va o‘rinbosarlari, ularning turmush o‘rtog‘i va voyaga yetmagan farzandlarining daromadlari va mol-mulkini majburiy deklarasiya qilish tizimi joriy etiladi.

Deklarasiyani berishdan bosh tortish va qasddan noto‘g‘ri ma’lumotlarni kiritish uni davlat xizmatidan chetlashtirishga va javobgarlikka sabab bo‘ladi.

2022-yil 1-yanvardan davlat xizmatchilariga xorijda bank hisobraqamlarini ochish, naqd pul mablag‘larini saqlash va boshqa mol-mulkka ega bo‘lish taqiqlanadi.

Mansabdorning o‘z shaxsiy manfaati majburiyatlarini ob’ektiv va xolis bajarishiga ta’sir ko‘rsatuvchi yoki ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan vaziyatlar manfaatlar to‘qnashuvi hisoblanadi.

Manfaatlar to‘qnashuvini oshkor qilish va oldini olish bo‘yicha chora ko‘rmaganlik javobgarlikni keltirib chiqaradi.

 

Qumqo‘rg‘on tuman adliya bo‘limi boshlig‘i     R.Sultanov