,,O’ZBEKISTON RIVOJLANISH FORUMI” iste’dodlarni birlashtirdi

Bolaligimni xotirlar ekanman, ko’pchilik tengdoshlarimga qaraganda ancha mazmunli, go’zal  onlarga boy tarzda o’tganiga amin bo’laman. Bunga sabab, sport, san’at meni ko’plab ko’rik-tanlovlarga, musobaqalarga yetakladi va natijada respublikamizning bir qancha shaharlarida bo’lishga erishdim. Do’stlar orttirdim. 2019-yil O’zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti talabasiga aylandim. G’ururlandim.

Universitet. Kursdoshlar. Bir yarim yil davomida yangi hayotga moslasha olmadim.

2021-yil. Offline darsga qaytganimizga, ,,MY SWET HOME” (TTJ) da yashayotganimizga ikki oy bo’lmasidan birinchi kursdagi singari uyga qaytishga majbur bo’ldik.  Endigina ,,oltin davr”ni his qilayotgan paytim uzoqqa cho’zilmadi. Pandemiya o’z kuchini ko’rsatdi.

Ana shunday kunlarning birida ijtimoy tarmoqlar orqali 26-27-iyun kunlari Samarqand shahrida ,,O’ZBEKISTON RIVOJLANISH FORUMI” bo’lib o’tishi haqida xabar topdim va hech ikkilanmasdan o’zim tanlagan  yo’nalish bo’yicha ro’yxatdan o’tdim. Buni qarangki,  saralash bosqichidan muvaffaqqiyatli o’tib, yakuniy bosqich uchun tayyorgarlik ko’rishni boshladim.

,,Tanqidlarga – takliflar bilan!”  shiori ostida bo’lib o’tgan forum quyidagi 7 ta yo’nalish bo’yicha g’olib va sovrindorlarni aniqlab berdi.

  1. Oliy ta’lim tizimi uchun taklif va loyihalar
  2. Migrantlar va ishsizlik masalalarida taklif va loyihalar
  3. Start UP, biznes va ixtirolar
  4. Kadrlar tizimi masalasida taklif va loyihalar
  5. Oila instituti va fuqarolar dunyoqarashini oshirish masalasida taklif va loyihalar
  6. OAV va ijtimoiy tarmoqlar uchun taklif va loyihalar
  7. Ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar masalalarida taklif va loyihalar (kam ta’minlangan, imkoniyati cheklangan fuqarolar).

Bundan tashqari,  nazm yo’nalishida ijod qiladigan yoshlar ,,Samarqand ilhomi”  tanlovida o’z iqtidorlarini namoyon etishdi.

E’tiborli jihati shundaki, forum ilk bor tashkil etilishiga qaramay, respublikamizning har bir viloyatidan hamda Qoraqalpog’iston Respublikasidan jami 100 nafar ishtirokchi offline qatnashgan bo’lsa, qolgan 100 nafar ishtirokchi online zoom platformasi orqali o’z taklif, loyihalarini taqdim etishdi.

Forum ikki kun davom etdi. Birinchi kun rasmiy ,,Ochilish marosim” Samarqand Yoshlar markazida bo’lib, spikerlar bilan savol-javob tshkil etildi. Shuningdek, ko’hna Samarqand bo’ylab kechki sayohat ko’tarinki ruhda o’tdi. Ayniqsa, kechki Registonni chiroqlar yog’dusi va musiqa shousida tomosha qilish insonga o’zgacha zavq ulashdi.

Ikkinchi kun. Ipak Yo’li Xalqaro Turizm Universitetida barcha ishtirokchilar o’zlarining taklif, loyihalarini himoya qilishdi. Kunning ikkinchi qismida esa g’oliblar taqdirlandi. Sovrindorlar safida shaxsan o’zimning ham bo’lishim, quvonchimni yanada oshirdi.

Bu forumning boshqa forumlardan farqli jihati shundaki, bu ko’gilochar forum emas. Ilmiy ahamiyatga ega forum sanaladi. Bunda ko’zlangan maqsad, eng munosib deb topilgan loyihalarni hayotga tadbiq etish, ularni qo’llab-quvvatlash. Hamda, forum tashkilotchlari o’z oldiga mustaqilligimizning 30 yilligi arafasida barcha ishtirokchilarning taklif, loyiha, maqolalarini to’plam sifatida nashrdan chiqarishni maqsad qilib qo’ygan. Bu haqiqiy bayramona tuhfa bo’lishi aniq.

Qariyb uch kun davomida ko’plab do’stlar orttirdim, fikr almashdim. Ishtirokchilar orasida imkoniyati cheklangan bo’lishiga qaramay, minglab yoshlarga ibrat bo’la oladigan yoshlarni ko’rib, ko’zim yoshlandi. Ulardan biri ,,Start UP va biznes” yo’nalishida ,,Nafis ifor taratuvchi ruchka” mavzusidagi innovatsion loyihasi bilan ishtirok etgan Sirdaryolik Adhamjon Jo’rayevdir. Bundan tashqari, ushbu yo’nalishda munosib ishtirok etgan Ulfatbek Husanov va Husnida Tursunbayevalar hali yosh bo’lishiga qaramay, o’zaro hamkorlida ish olib borish uchun memorandum imzoladilar.

Sadriddin Qarshiboyev- bu forumning asoschisi, yuzlab qalblarni ezgulik sari, yangi marralarni zabt etish uchun qadam tashlashga undagan inson. Hammasi uchun rahmat. Umid, ishonch, dadillik uchun rahmat. Biz endi Yangi O’zbekistonga yangi nigoh bilan qaraymiz. Bor bilim, iste’dodimizni namoyon etamiz. Vatanimizni rivojlantirish yo’lida o’z hissamizni munosib qo’shamiz!

O’z JOKU talabasi

Maftuna Toshmamatova